Tojikiston va Qirgʻiziston o'rtasidagi chegara bahslari masalasida Dushanbe Kremlning taklifiga rozi boʻlmadi. Ammo Bishkekning bu masaladagi pozitsiyasi hozircha maʼlum emas. Tojikiston va Qirgʻizistondagi siyosiy tahlilchilar fikricha qarama-qarshiliklar ham kuzatilmoqda.
Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov 26-may kuni jurnalistlarga tojik-qirgʻiz chegara bahslarida Kreml vositachi bo’lishga tayyor ekanligini bildirgan edi.
"Tojikiston va Qirgʻiziston chegarasidagi vaziyat. Bu birinchi marta emas, afsuski, keskinlashmoqda. Biz ittifoqchilarni kuch ishlatishdan voz kechishga va muloqotga chaqiramiz. Biz vositachilik xizmatimizni taqdim etishga tayyormiz. Ishonamizki, vaziyat qanchalik tez tinch boʻlsa, shuncha yaxshi. Biz bu haqda doʻstlarimizga xabar berdik”, - degan Lavrov.
Buni ham ko'ring Tojikiston va Qirgʻiziston orasidagi bahsli hududlarHar ikki davlatda jamoatchilik chegara mojarolariga ruslarning aralashuvini qizgʻin muhokama etmoqda. Baʼzilar ikki davlatning oʻzi hal eta olmayotgan muammoni nihoyat Rossiya hal etib berishi ijobiy holat ekanligini taʼkidlamoqda. Ammo tojikistonliklarning koʻpchiligi “Qirgʻiziston Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga aʼzo boʻlganligi uchun ham Rossiya ularga yon bosadi” qabilidagi fikrlarni bildirmoqda.
Qirgʻizistonliklar esa, aksincha, “Rossiya chegara masalasini Tojikistonning foydasiga hal qiladi”, degan iddaolar bilan chiqmoqda. Yana bir guruh esa “Rossiya hamma masalani na Tojikiston va na Qirgʻiziston foydasiga hal qiladi, balki oʻzining foydasiga hal etadi”, degan fikrni ilgari surmoqda.
“Amerika Ovozi” har ikki davlatda mintaqa tinchligi va chegara muammolarini muntazam oʻrganib kelayotgan siyosatshunos tahlilchilar fikri bilan qiziqdi.
Tojikistonlik siyosatshunos, mintaqa xavfsizligi masalalari boʻyicha tahlilchi Sherali Rizoyonning aytishicha, ikki davlat orasidagi bahsga uchinchi tomonning aralashishi ijobiy holat emas.
“Umuman olganda, har qanday mintaqadan tashqaridagi davlatning vositachilik (mediatsiya) qilishi juda yomon holat. Bu mintaqada doimiy manfaatlarga ega boʻlgan boshqa davlatlarni qoʻzgʻatishi mumkin. Bu bilan biz vaziyatni yanada ogʻirlashtiramiz. Barqarorlikka erishish uchun muammoni hal qilish faqat ikki tomonlama va faqat mintaqada amalga oshirilishi kerak”, - deydi Rizoyon.
Qirgʻizistonlik tahlilchi va siyosatshunos Alibek Mukambayevning aytishicha, jarayonlarga Rossiya hakam yoki vositachi sifatida qatnashishi zarar keltirishi mumkin.
“Rossiyaning hakam yoki vositachi boʻlishi mintaqadagi vaziyatga hamda Qirgʻiziston va Tojikiston oʻrtasidagi ikki tomonlama jarayonlarga koʻproq zarar yetkazishi mumkin. Bu holatda hamma uchun foydali boʻladigan narsa – Rossiya Federatsiyasi ishtirokida nizolarni oldini olish uchun ishlaydigan fuqarolik va harbiy ekspertlar guruhi mavjudligi. Ekspert-maslahat guruhi tuzish lozim”, - deydi u.
Mukambayev fikricha, Rossiyaning ishtirok etishi bilan ham muammo hal boʻlmaydi.
“Masala hal boʻlmaydi, chunki resurslarning taqsimlanishi, tovarlar harakati, chegaradosh hududlardagi ijtimoiy-iqtisodiy vaziyat kabi sabablarni hal qilib boʻlmaydi”.
Ammo suhbatdoshga ko’ra, Rossiyaning muammoni hal etish yoʻlidagi taklifidan hayiqmaslik kerak. Chunki Rossiya mintaqa uchun begona davlat emas.
“Rossiya Federatsiyasida bu yerdagi mojarolik vaziyatni avj oldirishga ehtiyoj yoʻq. Allaqachon, Tojikistonda 201-diviziya va Bishkekda Baza Kant Rossiyaga qarashli boʻlgan harbiy bazalar mavjud. Har ikki davlat ham Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkilotining (ODKB) aʼzosi”, - deydi Mukambayev.
Sherali Rizoyon fikricha, muammoni hal etishda “hech qanday hakam yoki vositachi jalb etish shart emas”. Uning aytishicha, agar vaziyat nazoratdan chiqib ketsa, unda muzokaralar boshqa bir xolis maydonda tashkil etilishiga ehtiyoj tugʻiladi.
“Faqatgina vaziyat boshqaruvdan chiqib ketgan holdagina muzokaralarni boshqa bir xolis maydonda olib borish variantini koʻrish mumkin. Ayni holatda vaziyat, aqalli Tojikiston tomoni haqida ishonch bilan ayta olaman, nazorat ostida”, - deydi Rizoyon.
Uning fikricha, har ikki davlatning siyosiy elitasi uzoqni oʻylab ish koʻrishi lozim.
Buni ham ko'ring Tojik-qirg‘iz chegara mojarolaridan kim manfaatdor?“Qudratli davlatlar, xalqaro tashkilotlar yoki hakam ishtirokida muammoni hal etishni faqatgina bir variant sifatida qarab koʻrish mumkin. Ammo bir narsa juda muhim - mintaqa tinchligi yoʻlida har ikki tomon uzoqni oʻylab ish koʻrishi kerak. Chegara masalalari boʻyicha ikki davlat hukumatlararo qoʻshma komissiyasiga hech qanaqa uchinchi tomonni qoʻshilishi shart emas. Yana bir muhim nuqta - komissiya ishiga daxl qilmaslik, ularga vaqt va imkon berish kerak”, - deydi tojikistonlik tahlilchi.
Alibek Mukambayevning aytishicha, chegara muammosini hal etishda natijaga erishish uchun bir qator masalalarga jiddiy yondashish kerak.
“Avvalo tomonlar oʻz pozitsiyasini har tomondan dalillar bilan aniq koʻrsatishi kerak. Qizil chiziqlarni belgilab, soʻng muzokaralar stoliga oʻtirish kerak. Ikkinchidan, muzokaralar boshlanganidan soʻng, ommaviy axborot vositalariga beriladigan maʼlumotlarga alohida eʼtibor qaratish, faqat kelishilgan pozitsiyalar eʼlon qilinishiga erishish kerak. Uchinchisi, mintaqaning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini yaxshilashga eʼtibor qaratish lozim”.
Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi 29-may kuni Rossiya Tashqi ishlar vazirligiga tojik-qirgʻiz chegara bahsiga uchinchi tomonning ishtirok etishiga qarshi ekanligini anglatadigan nota yoʻlladi.
Unda “Davlat chegaralarini delimitatsiya va demarkatsiya qilish sohasidagi ishlar ODKB ga aʼzo davlatlarning ichki ishidir va faqat ikki tomonlama asosda olib boriladi”, deyilgan.
Dushanbe chegara masalalari boʻyicha Bishkek bilan muzokaralar hukumatlararo komissiya va ishchi guruhlar doirasida xalqaro amaliyot va xalqaro huquqiy hujjatlar qoidalariga muvofiq olib borilayotganini bildirib, bu muzokaralarga “uchinchi tomonlarni” jalb qilishni “nomuvofiq” deb hisoblashini bayon etdi.
30-may kuni rasmiy Bishkek ham Moskvaga Nota yoʻlladi:
“Avvalo shuni taʼkidlashni istardikki, Rossiya Qirgʻizistonning ishonchli strategik sherigi va ittifoqchisi boʻlib kelgan va bundan keyin ham shunday boʻlib qoladi. Biz hammamiz KXSHTga aʼzo davlatlarmiz. Rossiya tomoniga ikki tomonlama qoʻllab-quvvatlash va gʻamxoʻrlik uchun minnatdormiz”, deb boshlanadigan maktubda Sergey Lavrovning taklifiga toʻgʻridan-toʻgʻri fikr bildirilmagan. “Ushbu yoʻnalishdagi ishlar ikki tomonlama shaklda, qirgʻiz-tojik davlat chegarasini delimitatsiya va demarkatsiya qilish boʻyicha hukumatlararo komissiya yigʻilishlari doirasida olib borilmoqda”, deyilgan notada. Shuningdek, “Qirgʻiziston tomoni chegaradosh hududlar aholisi oʻrtasida vaziyat keskinlashuvining oldini olish maqsadida axborot almashinuvini olib borgan holda yakuniy natijaga qaratilgan ikki tomonlama muzokaralarni olib borish zarur deb hisoblaydi. Biz provokatsiyalar va kuch ishlatishning oldini olishga harakat qilamiz" deya taʼkidlangan. Hamda maktub soʻngida “biz chegara masalalarini ikki tomonlama formatda va tizimli ravishda hal etishda davom etamiz”, deb yozilgan.
Fargʻona vodiysi Markaziy Osiyoning chegaralar kesishgan eng murakkab mintaqalaridan biridir. Oʻzbekiston va Tojikiston bahsli chegara masalalarini ijobiy hal eta oldi. Ammo har ikki davlatning Qirgʻiziston bilan oradagi chegara bahslari oʻz yechimini topgani yoʻq. Bunda uch davlatdan biri – Qirgʻizistonning Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqiga aʼzo va qolgan ikki davlat – Tojikiston va Oʻzbekistonning aʼzo emasligiga ham eʼtibor qaratish lozim.