Markaziy Osiyo ziyolilari nazarida mintaqa Rossiya ommaviy axborot vositalari ta’siri ostida ekani oydek ravshan. Ko'pchilik dunyoni rus nazari bilan ko'radi. Nima uchun? Sabablar bir dunyo.
Your browser doesn’t support HTML5
Тojikistonda mehmon bo’lgan qozog’istonlik jurnalist Baybulat Boybekov Dusnhanbe va Xo’jand shaharlarida bo’lar ekan, respublikada rus axborot vositalarining ta’siri katta ekanligidan hayratini yashirmaydi.
“Men Tojikistonda fuqarolik urushidan so’ng ruslar deyarli qolmagan deb eshitgandim. Haqiqatan ular juda oz, ammo ommaviy axborot vositalari? Ruscha nashrlar bizdagidek juda ko’p va yana ko’pchilik Rossiya telekanallarini ko’rar ekan, bu men uchun juda qiziq”, - deydi Baybulat.
Tojikistonda 500 dan ortiq gazeta-jurnallar, 70 ga yaqin teleradiokanal, 11 axborot agentligi faoliyat yuritsa-da, xalqaro mavzularni yoritishda ularning deyarli 90 foizi rus manbalariga tayanadi. To’rt milliondan ortiq internet foydalanuvchilarning 80 foizi kirill alifbosida yozilgan saytlarda vaqt o’tkazishadi.
“Shunday bo’lishi ham tabiiy, chunki yagona informatsion muhitdamiz. Rus tili ustuvor bo’lib qolmoqda”, - deydi dushanbelik jurnalist.
So’g’d viloyat o’zbeklar ma’naviyat markazi raisi, Tojikiston matbuoti a’lochisi Ilhom Yusupov rus axborot vositalarining ta’siri sabab respublikada informasion muhit Rossiya foydasiga ekanini ta’kidlaydi. Ukrainadagi voqealarni yoritish jarayonini misol keltirib, xabarlar bir tomonlama ekaniga e’tibor qaratadi.
Chet tillaridagi xabarlarni tushunmaymiz, ruscha xabarlarni esa faqat Rossiya orqali olamiz, deydi u.
“Shuning uchun ham buning ta’siri katta, odamlar hamma narsaga bir tomonlama baho beradi. Lekin aslida hodisalarni bir tomonlama emas, har tarafdan o’rganish kerak. Boshqa-boshqa tomonlar bilan ham ko’rishish, hamma jihatlarini e’tiborga olish zarur. Yetti o’lchab bir kesish kerak, biz esa majburmiz, bir o’lchayveramiz xolos”.
Jurnalist Furqat Nizomov bizda ko’pchilik Rossiya telekanallarini ko’rishadi, chunki bizniki odamlarni jalb etmaydi, deydi.
“Xalqimiz sun’iy yo’ldoshlar orqali ko’proq rus telekanallarini ko’rishadi. Ehtimol ta’siri ziyod ham bo’lsa kerak, negaki, rosti gap, Tojikiston telekanallarini tomosha qilish xalq uchun uncha qiziqarli emas. Ko’rsatuvlar zerikarli. Salbiy ta’siri esa sho’rolar davridan beri ma’lum, bugungi ko’rsatuvlarimizning zerikarli ekanligiga aslida o’sha sabab”.
Tojikiston demokratik partiyasi So’g’d viloyati raisi, siyosatshunos Abdujabbor Yo’ldoshev rus axborot vositalarining mintaqaga bir tomonlama ta’sirini zararli hisoblab, mahalliy aholi noto’g’ri axborot olmoqda, deydi.
“Xalqimiz ko’proq Rossiya ko’rsatuvlarini ko’rgani uchun, rostmi-yolg’onmi o’shanga ishonishadi. Bir tomonlama targ’ibot olib borsalar ham xalq o’shani qabul qiladi, bu albatta salbiy ta’sir o’tkazadi. Misol uchun, Ukraina voqealarini olsak. Rossiya kanallari ta’siri sabab hamma bu yerda Rossiya tarafdori bo’lib qolgan, lekin 40 millionli Ukrainaning qolgan qismida xalq nima deyapti, ko’pchilik bilmaydi”.
Yana bir jurnalist Xurshed Fozilov ham Ukrainadagi holatni misol ketiradi.
“Rus kanallarining Ukrainadagi voqealarni qanaqa yoritishini hamma biladi. Yoki, masalan, tojik muhojirlari haqidagi yolg’on-yashiq xabarlarni olaylik, alal-oqibat unda tojiklarning umuman gunohi yo’qligi ma’lum bo’ladi. Ular (ruslar) o’z manfaatlarini ilgari surishadi, buni yaxshi tushunish kerak”, - deydi u.
Xurshedning hamkasbi Aziz Naqibzod fikricha esa:
“Istasak-istamasak, Rossiya axborot vositalari, xususan rus televideniyesi ta’sirining ham musbat, ham manfiy jihatlari bor. Ijobiy tarafi shundaki, ilmiy-ommabop, madaniy ko’rsatuvlar saviyasi ularda baland. Yana bizning televideniye kerakli joylardan ko’rsatuv berolmaydi. Salbiy tarafi esa milliy qadriyatlarimizga zarba beradi, xabar va tahlillarni faqat o’zlari uchun foydali tarzda berishadi. Bunisidan saqlanishimiz kerak, ammo ilojimiz yo’q”.
Ko’loblik ziyoli Amirsho Kulolovning aytishicha, Rossiya axborot vositalarining Tojikistonga salbiy ta’sirini kamaytirish uchun hukumat siyosiy partiyalar faoliyatiga keng yo’l ochib berishi zarur.
“Davlat maschitu-imomlarga emas, zehni o’tkir mahalliy siyosatchilarga pul to’lashi kerak. Aks holda xalqimiz o’zgalarning mardikori bo’lib qolaveradi”, - deydi u.