Mening ham hayotda qoladi izim... Shoira Zulfiya Boboyeva 60 yoshda

Shoira Zulfiya Boboyeva 60 yoshda, Mujun qishlog'i, So'g'd viloyati Tojikiston, 24-avgust, 2014

Tojikiston aholisining 24 foizi, ikki millondan ortig’ini o’zbeklar tashkil etadi. Ular orasida yuzdan ortiq shoir va ijodkorlar bor.

Respublika shimolining O’zbekiston va Qirg’iziston bilan chegaradosh G’onchi nohiyasining so’lim Mujun qishlog’ida o’zbek adabiyotining yorqin yulduzlaridan biri, shoira Zulfiya Boboyeva yashaydi.

So’g’d viloyat o’zbeklar ma’naviyat va ma’rifat markazi tashabbusi va G’onchi nohiyasi raisi Zafar Ismoilzodaning joriy yil 30-iyulidagi qarori bilan Tojikiston yozuvchilar uyushmasi a’zosi, Maftun Jo’ra nomidagi adabiy mukofot laureati Zulfiya Boboyevaning 60 yoshlik yubiley tantanalari bo'lib o'tdi. Tadbir uning xonadonida kechdi.

Shoira yura olmaydi. Boshlang’ich maktabda o'qib yurganidan beri aravachaga mixlanib qolgan. Ijod uning hayoti mazmuniga aylangan. Yosh qizaloq she'rga havas qo’yib, mustaqil o’qib o’rganadi, ma’lumotli bo’ladi.

O’zining she’riy satrlarida bitganidek:

Bo’ldilar she’rim bayotim-sabrim saodati,

Yo’g’rildi shu sabab ishqqa ko’nglimning toati!

Sabr-toqatda cheksiz shoiraning uyqusiz tunlari, zahmatlari sabab uning «Iltijo», «Bir kam dunyo», «Quyoshdan qarz», «Ertaga kecha bo’ladi», «Tog’lar nidosi», «Oysiz oqshomlar», «Sabrim saodat» kabi o’nga yaqin kitoblari Toshkent, Dushanbe, O’sh, Kho'jand nashriyotlarida bosmadan chiqdi, she’rlari Makraziy Osiyo respublikalari matbuoti, radio va televideniyelarida e’lon qilindi.

O’zbekiston xalq shoirasi Zulfiya tojikistonlik ijodkorga yozgan maktubida “Jasorat etgan joyga hamma yaxshi narsalar intiladi, dadil bo’ling! Ijod qilishdek mo’jizali damlar Sizni hech qachon tark etmasin! Adabiyotga, she’riyatga sodiq qolganlar safida Sizni ham ko’rib turaylik” deb daldali so’zlar bitgan bo’lsa, Nurali Qobil “millatimizning fozila qizi Zulfiyaxonga faqat muhabbat, faqat go’zallik tilayman, uni yaxshi ko’raman”, - degan edi.

G'onchi nohiya Bosh shifokori Sultonali Murodaliev o’zbek shoirasining matonati, sabru-qanoatiga tahsin aytar ekan, "bu farishta qizni bemor hisoblab bo’lmaydi, shoira qizimiz nafaqat millat balki, respublika faxri hisoblanadi, uning hayoti, ijodi barchaga o’rnak bo’lishga arizydi, uning hayoti o’zi qahramonlikdir", - deydi.

Zulfiya Boboevaning yubiley tantanalari o’zining istagiga ko’ra qirmizi olmalar g’arq pishayotgan hovlisida mahalliy hukumat va o’zbek ziyolilari, qo’shni respublikalardan tashrif buyurgan ijodkorlar ishtirokida o’tkazildi.

Taniqli tojik shoir va yozuvchilari, san’at, madaniyat, maorif, sog’liqni saqlash namoyandalari, viloyat va nohiya rasmiylari tashrif buyurdi. Viloyat televideniyesi ko’rsatuv berdi. Hamqihloqlari esa shoira haqida hujjatli film tayorlashmoqda. “O’zbektelefilm” davlat ijodiy birlashmasida shoira haqida adabiy-hujjatli film yaratilgan.

Shoraining qo’yidagi satrlari uning umr so’zanasidek:

Mening ham hayotda qoladi izim,

Manzilga etmoqqa ichganman qasam.

Kelib tabriklaydi do’sti azizim,

Oltmishni zabt etgum erta o’lmasam.

Ehtimol tugadi eganlarim pand,

To’qigim keladi bir buyuk doston.

Yer meni boshiga ko’tardi baland,

O’payin oyog’ing qayerda osmon?!

O'zbek shoirasi Zulfiya Boboyeva xonadonida - Tojikistonning Mujun qishlog'idan fotolavha