Tojikistonda hanuz qish nafasi (Fotogalereya)

Butun Markaziy Osiyoda kuzatilganidek, Tojikistonda ham qishning so’nggi kunlari issiq kelib, bu yil bahor erta keladigandek ko’rindi. Ammo 8-mart kuni yoqqan kutilmagan qor dehqondan tortib savdogargacha – hammani shoshirib qo’ydi.

Keksalar aytmoqchi, qishning so’nggi kunlariga va bahorning boshidagi issiq havoga ishonib bo’lmaydi. Kechasi bilan yog’ib chiqqan qor erta tonggacha butun mintaqani oppoq ko’rpachaga burkadi.

Bahor keldi, deya uyidan sandal va pechkalarini olib qo’yganlar yana issiq tanchalar qurishga tutindi. Chorva uchun ko’klamgi yaylovga yetdik deganlar ham xashak va yem bozoriga otlandi.

Ayrim dehqonlar o’tgan yildan qolgan makkapoyasini to’rt tanga ilinjida aravaga ortib, bozorga olib chiqqan. Maktablarda tunuka pechkalarga yana o’tin yoqila boshlandi. Qishloq joylarda maktablar hanuz o’tin va ko’mir hisobiga isitiladi.

Kunlar isib, madaniyat va istirohat bog’larida odam gavjumlashib qolgan edi. Kutilmagan qor hammani bu yerdan quvib soldi.

Bozorda ham odam siyrak, ammo savdo davom etmoqda.

Ochiq havoda qolgan avtoulovlar qalin qor ostida. Ayrimlar bir kun avval mashinasi radiatoridagi suvni to’kmaganidan afsusda. Eski mashinalarning radiatorlari, agar suvi to’kilmasa, qish kunlari muzlab, egasini ancha chiqimga qo’yadi.

Ba'zi oilalar bahorgi yomg’irlardan chakka o’tmasligi uchun uy tomlarini ta'mirlashni boshlab yuborgan edi. Kutilmagan qor rejalarining beliga tepdi.

Ta’mirtalab va asfaltlanmagan ko’chalar loy va loyqa suv bilan yanada xaroblashgan. Ammo hayot davom etmoqda. Hamma ro’zg’or tashvishi bilan band. Xalq joniga oro kirgan bir yangilik shuki, bu yil Tojikistonda elektr energiyasi iste’moli uchun qo’yilgan cheklovlar erta bekor qilindi.