Afg’oniston hukumati va Tolibon o’rtasida tarixiy muloqot boshlanganidan bir hafta o’tib, tomonlar muzokara qoidalarini belgilashda davom etmoqda. Jangovar harakatlar esa har ikki tarafga jiddiy talafot yetkazib, o’zaro ishonchni yemiryapti.
19-sentabr kuni Afg’oniston armiyasi shimoli-sharqdagi Qunduz viloyatida Tolibon manzillarini havodan o’qqa tutdi. Xabarlarga qaraganda, 12 kishi halok bo’lgan, yana 10 nafari yaralangan. Mudofaa vazirligiga ko’ra, hujumda 40 dan ziyod jangari ham o’lgan. Aholi orasidagi talafotlar tekshirilmoqda.
Tolibon bayonotida tinch aholi vakillaridan 23 nafari, jumladan ayollar va bolalar halok bo’lgani qayd etiladi. Tomonlar bergan raqamlar tasdiqlanmagan.
Jangarilar Qatarda muzokaralar davom etayotgan bir paytda sulh e’lon qilish chaqiriqlarini rad etgan. Kundalik majlislar tafsiloti ma’lum emas.
Tolibonga ko’ra, Afg’onistonda “islomiy tuzum” o’rnatish muzokaralarning “markaziy nuqtasi” bo’ladi. Bu haqda boshidan aytganmiz, deydi ular. Bunday tuzum, guruh nazarida, faqat tinchlik olib keladi, korrupsiya va jinoyatchilik kabi muammolar hal bo’ladi.
Toliblar nazdida Afg’onistondagi amaldagi boshqaruv noqonuniy bo’lib, AQSh istilosining mahsulidir. Hukumat rasmiylari esa hozirgi tizim “to’liq islomiy” ekani va bu masalada yon berilmasligini ta’kidlamoqda.
Doxada kechayotgan muzokaralarga AQSh-Tolibon kelishuvi zamin yaratgan edi. Joriy yilning fevralida imzolangan bu hujjatga ko’ra, AQSh Afg’onistonda qolayotgan 8600 askarini 2021-yilning mayigacha olib chiqadi.
Tramp bayonoti
Prezident Donald Tramp Tolibonnni “aqlli va bo’sh kelmaydigan” taraf sifatida ta’riflamoqda.
“Kelasi haftalar ichida Afg’onistondagi amerikalik harbiylar sonini 4000 gacha tushiramiz. Sal keyinroq yakuniy qaror ham e’lon qilinadi”, - dedi u. – Muayyan shartlar bajarilishi ketidan chiqib ketamiz”.
Yangi muddatga saylanishga harakat qilayotgan AQSh rahbari Afg’onistondagi “cheksiz urushni” tugatishga va’da bergan. Urushda shu kungacha 2400 amerikalik harbiy xizmatchi halok bo’ldi, AQSh milliardlab dollar pul sarfladi.
Hafta boshida Davlat kotibi Mayk Pompeo muzokaralar oson kechmasligini qayd etgan.
Yevrosiyo jamg’armasi o’tkazgan so’rovga ko’ra, AQShda saylovchilar Tramp ma’muriyati vositachilida kechayotgan tinchlik muzokaralarini qo’llab-quvvatlaydi.