Sanoatdagilar po'lat tariflaridan norozi

  • Amerika Ovozi

Prezident Donald Tramp ma’muriyatining po’lat importiga qo’ygan tariflari mamlakatdagi ba’zi ishlab chiqaruvchilar tomonidan ma’qullangan bo’lsa-da, Amerikaning global xom-ashyo ta’minotiga bog’liq bo’lgan qatlami bu qarordan rozi emas. “Amerika Ovozi” muxbiri Merilend shtatidagi sanoat zavodlaridan birida bo’lib, tariflarning mahalliy ishlab chiqarishga ta’siri haqida o’rgandi.

Merilend shtatining Baltimor shahri yaqinida Amerikaning ko’zga ko’ringan kompaniyalari uchun rangli konteynerlar yetkazib beruvchi zavod bor.

Bu yerda po’lat bilan qoplangan tunuka idishlar ishlab chiqariladi.

“Mamlakatdagi eng yirik zavodlardan birimiz. Minglab tonna po’lat ishlatamiz”, - deydi zavod rahbari Rik Yuter.

Tramp ma’muriyati o’rnatgan yangi tarif po’latning narxini oshirib yubordi.

“Prezident tatbiq etgan tarif Amerika po’lat va qo’rg’oshin sanoatini rivojlantirishda muhim”, - deydi AQSh Savdo vaziri Vilbur Ross.

Merilenddagi bu zavod AQShda ishlab chiqarilgan po’latni xarid qiladi, ammo yuqori sifatli rangli idishlar uchun xom-ashyo import orqali olinadi.

Po’lat tarifining ko’tarilishi zavodni ikki million dollarlik qo’shimcha xarajatga tushirdi.

“Agar narx Xitoydan ko’ra 5-10 foiz qimmatroq bo’lsa, mijozlarimizni yo’qotamiz. Ular bizdan emas, chetdan mol olishadi. Ahvolimiz tang”, - deydi Yuter.

Zavod rahbariyati ish o’rinlarining qisqarishidan xavotirda. Bu yerda 400dan ortiq ishchi bor. Ularning daromadi yaxshi.

“20-30-40 yillardan beri ishlayotganlar bor. Ishim o’zimga yoqadi. Menga boshqa nima kerak?” - deydi ishchilardan biri Brayon Borrel.

Uning aytishicha, po’lat tariflari samarasiz.

“AQShda qo’l mehnati bilan qilinadigan ishlarni qayta yo’lga qo’yish kerak. Xom-ashyoga bunaqa tarif qo’yish befoyda”, - deydi Borrel.

Zavod tariflardan ozod qilishni talab qilib chiqdi. Mahalliy zavodlar esa unga yetarli po'lat yetkazib berishga va'da bermoqda. Ammo bu qachon amalga oshadi, qanday narxva sifatda bo'ladi, bu noma'lum.

AQSh Savdo vazirligi zavod iltimosini qondirgani yo'q. Rasmiylarga ko'ra, deyarli hech kimga imtiyoz berilmaydi.

“Pichoqqa ilinadigan talab bo'lsa, ko'rib chiqishimiz mumkin”, - deydi Vilbur Ross.

Sanoatdagilar nazarida Vashington vaziyatga yetarlicha e’tibor qaratmayapti.

“Ham bozor bilan, ham hukumat bilan bir varakayiga olishishning iloji yo’q, axir”, - deydi Rik Yuter.

Zavod yaqinda ishlab chiqarish hajmini oshiradigan yangi uskunalar o’rnatdi. Ammo ularni ishlatish uchun yetarli xom-ashyo va yangi narxlarni ko'tara oladigan mijozlar kerak.