2018-yilning fevralida Florida shtatidagi maktabda 17 kishi otib o’ldirilgan edi. Bu voqea ortidan ommaviy otishmalarning oldini olishda avvalo qurol savdosini cheklash talabi bilan katta namoyishlar bo'lib o'tdi. Lekin maktab o’quvchilari orasida bu g’oyani qo’llab-quvvatlamaydiganlar ham bor.
Your browser doesn’t support HTML5
Amerika qishloq aholisi orasida qurol ko’tarib yurish oddiy hol.
“Otam meni birinchi marta ovga olib chiqqanida ikki yoshda edim”, - deydi 17 yoshli Ostin Kosper.
“4-5 yoshimdayoq qurol ishlatishni bilardim. Otam va buvamda ko’rganman”, - deydi 16 yoshli Bek Glover.
Ommaviy otishmalardan so’ng qurol masalasi yana bahs mavzusiga aylandi. Floridadagi otishmada 17 kishi o’ldi. Bu voqea o’quvchilarni qurol nazoratini kuchaytirishni talab qilib chiqishga undadi.
“Bu faqatgina ruhiy salomatlik muammolari bilan bog’liq emas. Pichoq bilan shuncha odamni o’ldirib bo’lmasdi”, - deydi 18 yoshli Emma Gonzales.
“Qurolga egalik qonunlarini qayta ishlab chiqish, ruhiy salomatlik va qurol olmoqchi bo’lgan odamni yaxshilab tekshirish kerak”, - deydi yana bir o'quvchi Delani Tar.
Biroq Jorjiya shtatining uzoq qishloqlarida yashovchi o’smirlar uchun muammoning ildizi qurolning borligida emas, unga egalik qilayotgan odamda.
“Qurol aybdor emas, odamlarning o’zi yomon. Qotillarning hammasi ruhiy kasal odamlar”, - deydi Ostin Kosper.
“Yomon odam baribir yomonligini qilaveradi. Bunga qarshi kurashishning yagona yo’li o’zimizni, yaqinlarimizni, uy-joyimizni himoya qilish huquqidan mahrum qilmaslik”, -deydi Bek Glover.
Ular qurol zo'ravonligiga qarshi namoyishlar dars paytida bo'lishiga ham qarshi.
“Maktab siyosiy maydon emas. 17 odam hayotini yo’qotganiga ko’z yumib bo’lmaydi, albatta. Lekin menimcha, biroz oshirib yuborishyapti”, - deydi Ostin Kosper.
“Masalaga to’g’ri yondashilmayapti. Otishma, uni amalga oshirganlarga emas, qurolga e’tibor qaratilyapti”, - deydi Bek Glover.
Amerika qishloqlaridagi o’smirlar ham ovozlari eshitilishini, ularning qarashlari ham e’tiborga olinishini istashadi.
“Qurolga egalik qilish ustida faqatgina ular bosh qotirayotgani yo’q. Ovoz, haq-huquq hammada bor. Ularning xohishi bizni qurol sportidan, qiziqqan mashg’ulotimizdan mahrum qilishi mumkin”, - deydi Ostin Kosper.
“His-tuyg’ular bilan qaror chiqarib bo’lmaydi. Qurol masalasida bizning ham qarashlarimiz inobatga olinishi, ovozimizni xalq eshitishi kerak. Qolaversa, yechim ham taklif qila olamiz”, - deydi Bek Glover.