Terror xurujlari ehtimoli haqida ogohlantirish

  • Amerika Ovozi

Nyu-Yorkda xavfsizlik choralari kuchaytirilgan

AQShning terrorga qarshi kurashuvchi idoralariga ko'ra, yakshanba kuni 2001-yil 11-sentabr fojiasiga 10 yil to'lar ekan, yangi xuruj ehtimoli bor. Ayni damda bunga doir ma'lumot tekshirilmoqda.

Rasmiylarga ko'ra, tahdid jiddiy, ammo hozircha tasdiqlanmagan. Yangi terror xuruji aynan 11-sentabr kuni amalga oshirilishi mumkin, degan taxmin bor. Nishon Nyu-York yoki Vashington. Bu ish bo'yicha uch odam shubha ostida. Biri AQSh fuqarosi. Qolgan ikkisi mamlakatga avgustda kirgan. Xuruj mashinaga to'ldirilgan bomba yordamida sodir etilishi mumkin, deydi rasmiylar.

Nyu-Yorkda xavfsizlik choralari kuchaytirilgan. Federal Qidiruv Byurosiga ko'ra, may oyida Pokistonda Osama bin Ladenga qarshi operatsiya paytida qo'lga kiritilgan ma'lumotlardan shu narsa ayonki, al-Qoida va unga aloqador guruhlar xurujlarni ma'lum sanalarga mo'ljallab amalga oshiradi.

Yakshanba kuni 11-sentabr xurujlarining 10 yilligi munosabati bilan mamlakat bo'ylab xotira marosimlari o'tkaziladi. Prezident Obama shu kuni xurujlar sodir etilgan joylar - Nyu-York, Vashington va Pensilvaniya shtatining Shenksvil shahrida bo'lmoqchi.

"Terror xuruji ehtimoliga doir ma'lumotlar yakshanba kunga belgilangan rejalarimni o'zgartira olmaydi", - deydi prezident.