Surgundagi Tibet hukumati yangi targ’ibot kampaniyasini boshladi

  • Amerika Ovozi

Dalay Lama hamda surgundagi Tibet hukumati bosh vaziri Lobsang Sangay, Hindiston, 5-iyun 2014-yil.

Tibetning surgundagi hukumati rasmiy Pekin targ’ibotiga qarshi kurashni jadallashtirmoqda.

Mana to’rt yildirki, Xitoy va Tibet rahnamosi Dalay Lama o’rtasidagi muzokaralar boshi berk ko’chaga kirib qolgan. Bu davr ichida Tibetdagi vaziyat ancha og’irlashdi, tibetliklar orasida o’ziga o’t qo’yish hollari ko’paydi.

Tibet mustaqilligiga qaratilgan urinishlar kuch bilan bostiriladi. Quvg’inda yashovchi ayrim tibetliklar Dalay Lamaning Xitoydan mustaqil bo’lib chiqish emas, balki Xitoy ichida muxtoriyatga erishishga qaratilgan “O’rta yo’l” nomli siyosatidan norozi.

5-iyun kuni Hindistonda joylashgan Markaziy Tibet ma’muriyati xalqaro targ’ibot kampaniyasini boshlaganini e’lon qildi. Undan maqsad tibetliklarga erkinlik berishdir.

Ma’muriyat matbuot kotibi Sring Vanshu “Amerika Ovozi”ga kampaniya nafaqat birdamlikka chaqiriq, balki Xitoyga ham javob, deydi.

“Targ’ibot kampaniyasi Xitoy hukumatining “O’rta yo’l” siyosatini noto’g’ri talqin qilishiga, Tibet hukumati va Dalay Lamaning Tibet mojarosini tinch yo’l bilan hal qilishga qaratilgan urinishlarini noto’g’ri ko’rsatishiga qarshi harakatdir. So’nggi yillarda Xitoy hukumati Tibet xalqi fikri va da’vatlarini atayin noto’g’ri talqin qilib keladi,” – deydi Tibet ma’muriyati rasmiysi.

Rasmiy Pekin talqinicha, Dalay Lama - xavfli ayirmachi, 2009-yildan buyon o’ziga o’t qo’ygan 130 odam hayoti uchun javobgardir. Dalay Lama bunday ayblovlarni inkor etib keladi.

2012-yilda Xitoyda Si Zinpin hokimiyatga kelganida ko’plar uning Tibet bilan ochiq muloqot boshlashiga umid qilgan edi, chunki uning marhum otasi bosh vazir muovini bo’lgan davrda Dalay Lama bilan munosabati iliq edi.

Umidlar puchga chiqdi, deydi Avstraliya milly universitetidan tibetshunos-olim Jon Pauers.

“Xitoy hech qanday jiddiy muzokara olib borishga intilmasligi ravshan bo’ldi, shu sababdan ko’pgina odamlar faol yondashuv ko’proq samara berarmikin, demoqda,” – deydi Pauers va bunday fikrlar ayniqsa surgundagi tibetliklar orasida ko’p yangrayotganini aytadi.

“Albatta, Dalay Lama katta obro’ga ega, hurmat qozongan. Ammo u 50 yildan buyon “O’rta yo’l” siyosatini ilgari surib keladi, biroq bu siyosat hech qanday samara bergani yo’q”, - deydi u.

Tibet kampaniyasi Tiananmen maydonida namoyishchilar o’ldirilganiga 25 yil to’lgan kunda e’lon qilingani bejiz emas, chunki shu kunlarda dunyo ahli Xitoy rejimining naqadar avtoritar ekani haqida gapirmoqda, deydi olim.

Shu hafta Dalay Lama 1989-yilda Tiananmen maydonida erkinlik, demokratiya va inson huquqlari himoyasi yo’lida qurbon bo’lganlar uchun ibodat qilishini bildirib, bayonot chiqardi.