Xitoy va tibetliklar o’rtasidagi ziddiyat har yili mart oyida yanada kuchayadi.
Tibetliklarning uzoq yillardan beri Xitoyga qarshi olib borayotgan ozodlik kurashi aynan shu oyda boshlangan.
So’nggi yillarda tibetliklar orasida Xitoy siyosatiga qarshi norozilik ramzi sifatida o’ziga o’t qo’yish hollari ko’paymoqda.
O’tgan bir yil davomida kamida 26 nafar buddist rohib va oddiy tibetlik o’zini yoqqan. Ularning yarmidan ko’pi so’nggi uch oy ichida ro’y bergan.
O’ziga o’t qo’yish holatlari ro’y bergan hududlarda bugun xavfsizlik choralari har doimgidan kuchaytirilgan. Hukumat tomonidan turli nuqtalarga xavfsizlik kuchlari qo’yilganiga guvoh bo’lish mumkin. Shunga qaramay, fojiali holatlar davom etmoqda.
Sichuan viloyatidagi mahalliy rasmiylardan biri Vu Zegan o’ziga o’t qo’yish amaliyotini terrorizmga qiyoslaydi.
“Dalay Lama va Tibetning ozodlik kurashchilari bunday amaliyotni qo’llab-quvvatlab, boshqalarni ham shunday qilishga undayotgani haqida ko’p dalillar bor. Ular insonlar umriga zomin bo’lmoqda. Bunday zo’ravonlik va terror usuli bilan separatizm g’oyalarini targ’ib etmoqda”, - deydi rasmiy.
Infrastrukturani rivojlantirish hamda yashash sharoitlari va ta’limni yaxshilash maqsadida Xitoy Tibetga katta mablag’ kirityapti. Hukumat fikricha, ijtimoiy farovonlik muammolarga chek qo’yishi kerak.
“Aksar tibetliklarning ko’ngliga yo’l topish va Xitoy tarkibida Tibet jamiyatiga ham joy borligiga tibetliklarni ishontirish uchun aslida Xitoydan ko’p narsa talab qilinmaydi”, - deydi u.
Dalay Lama vakilining aytishicha, Xitoy, aksincha, noroziliklarning o’sishiga hissa qo’shadigan ishdan boshqa narsa qilmayapti.
Boshqalar nazarida, o’z-o’ziga o’t qo’yishlar to’xtatilishi kerak, chunki tibetliklar uchun o’zini o’ldirgandan ko’ra tirik qolib kurash olib borgani foydaliroq. Tibetlik yetakchi dindorlardan biri Arjiya Rinpocha shunday fikrda.
“Men bu odamlardan, ularning do’stlaridan, oila a’zolaridan hamda ruhoniy yetakchilaridan bunday amaliyotni to’xtatishlarini o’tinib so’rayman. Jasur ekanimizni allaqachon isbotladik. Endi yetar”, - deydi ruhoniy.
Yaqinda BMTning Nyu-Yorkdagi qarorgohi qarshisida uch tibetlik Xitoyga qarshi norozilik namoyishi o’tkazib, ochlik e’lon qildi. Tashkilotning inson huquqlari bo’yicha yetakchi rasmiysi Ivan Simonovich namoyishchilar oldiga chiqib, ularning arzini tingladi. Nogironlik aravasida o’tirgan tibetliklar Xitoy o’lkaga qarshi zug’umlarini to’xtatmas ekan, ochlik amaliyotini davom ettirishi haqida aytdi. BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun ularning sog’lig’idan xavotirda ekanini aytdi.
Xitoy hukumati zulmidan qochib xorijga yo’l olgan tibetliklar ko’p. Ularga xalqaro jamoatchilikka yaxshi tanish diniy rahnamo – 14-Dalay Lama yetakchilik qiladi. 1959-yilgi muvaffaqiyatsiz Tibet qo’zg’olonidan so’ng Xitoyni tark etib Hindistondan siyosiy boshpana olgan arbob dunyo bo’ylab Tibet masalasiga xalqaro jamoatchilik e’tiborini tortib keladi. Ozodlik yo’lida olib borgan tinch kurashi uchun u 1989-yil Nobel mukofotiga sazovor bo’lgan.