AQSh Ichki xavfsizlik vaziri Kirsten Nilsen boshpana istab murojaat qilganlar ishi ko’rib chiqilgunga qadar Meksika hududida qolishi shart degan yangi tartibni e’lon qildi. Bu Prezident Donald Tramp ma’muriyati boshpana berish siyosatiga ta’sir ko’rsatgan 2018-yildagi choralarining so’nggisi.
BMTning 1951-yilda qabul qilingan va AQSh tomonidan imzolangan Qochoqlar bo’yicha konvensiyasiga muvofiq, boshpana uchun murojaat qiluvchilar quyidagi talablarga javob berishi kerak: o’z vatanida ta’qib bilan “asosli qo’rquvda” yashayotgani; irqi, dini, millati, siyosiy qarashlari yoki muayyan ijtimoiy guruhga mansubligi nuqtai nazaridan ta’qib ostidaligi; hukumat ta’qibi ostida yoki mavjud ta’qibni hukumat nazorat qila olmayotganini isbotlovchi dalillarni taqdim etishi lozim.
2018-yilda Tramp ma’muriyati boshpana berish tartibiga yettita o’zgartirishni tatbiq qildi. Immigrantlarni himoya qiluvchi guruhlarga ko’ra, yangi qattiqqo’l tartib muhojirlarni mamlakat hududiga kiritmaslikni nazarda tutadi.
AQSh hududiga qonuniy yoki noqonuniy yo’l bilan kirib, boshpana uchun murojaat qilgan muhojirlar dastavval Fuqarolik va immigratsiya xizmati xodimlarining suhbatidan o’tadi. Xodim suhbatdosh haqiqatda o’z vatanida tazyiq ostida ekaniga amin bo’lsa, navbatdagi bosqichda hujjatlar immigratsiya bo’yicha sudga topshiriladi.
2018-yilning 6-aprelida Prezident Tramp AQSh-Meksika chegarasida keskin tartib o’rnatdi. Unga ko’ra, mamlakat hududiga noqonuniy kirgan muhojirlar jinoiy javobgarlikka tortiladigan bo’ldi. Shu asosda, ularning ishi sudda ko’rib chiqilgunga qadar hibsxonalarda ushlab turiladi.
Avval aynan shunday xatti-harakat uchun yengil ma’muriy javobgarlikka tortish bilan cheklanilar edi.
Mazkur chora, o’z navbatida, bolalarning ota-onalaridan ajratilishiga sabab bo’ldi. Qonunlarga ko’ra, bolalar hibsxonada ushlab turilishi taqiqlangan.
Jamoatchilikning kuchli noroziligi natijasida prezident iyun oyida ana shu tartibni bekor qilishga majbur bo’ldi.
Ichki xavfsizlik vazirligi taqdim etgan ma’lumotlarga ko’ra, 2018-yilning 5-mayidan 9-iyuniga qadar Amerika chegarasida 2500 dan ziyod bolalar ota-onalaridan ajratib qo’yilgan.