Prezident Tramp Boltiq sammitiga mezbonlik qiladi

  • Amerika Ovozi

AQSh Vitse-prezidenti Mayk Pens (minbarda) Estoniya, Latviya va Litva rahbarlari bilan, 31-iyul, 2017-yil

Estoniya, Latviya va Litva rahbarlari 3-aprel kuni Oq uyda mehmon bo'lib, Prezident Donald Tramp bilan uch davlatning 100 yillik mustaqillik yubileyini nishonlamoqchi. Ular sovetlar hukmronlik qilgan yillarni tan olmay, mustaqillikka 1918-yilda erishganlarini aytadi.

Sammitda biznes, savdo, energetika, madaniy aloqalar, shuningdek, Boltiq davlatlarining xavfsizligini kuchaytirish masalasi muhokama qilinadi, deya bildirmoqda rasmiylar.

"Oxirgi uch-to'rt yilda demokratik davlatlar hujumga uchrayapti", - deydi Latviya Tashqi ishlar vaziri Edgars Rinkevich, Rossiyaga ishora qilib.

"Ijtimoiy tarmoqlarda soxta xabarlar tarqatish orqali hamda katta mablag' bilan demokratik institutlarimiz negiziga bolta urishmoqda. Bir yoqadan bosh chiqarishimiz kerak", - dedi u "Amerika Ovozi" Rus xizmati bilan suhbatda.

Vashingtonda o'tadigan sammitda AQSh Boltiq davlatlari xavfsizligi va suverenitetini qo'llab-quvvatlashi to'g'risida deklaratsiya qabul qilinishi kutilmoqda.

Prezident Tramp Boltiq dengizi bo'yidagi davlatlarni do'st va hamkor deb biladi. Ularga nisbatan har qanday tahdidga jiddiy qaraymiz, degan AQSh rahbari.

Estoniya, Latviya va Litva - NATO a'zolari - Rossiyani azaldan ularni bosib olishni ko'zlayotganlikda gumon qilib keladi. Ukraina mojarosi va Qrim istilosi bu qo'rqinch va xavotirlarni yanada kuchaytirgan.