AQShda o’tkazilgan yangi so’rov natijalaridan ma’lum bo’lishicha, 2024-yilda qayta saylanishga umid qilayotgan Donald Tramp kurash murosasiz kechadigan muhim shtatlarda reytinglarda Prezident Jo Baydendan ilgarilab ketgan.
Your browser doesn’t support HTML5
Saylovchilar Baydenning yoshi, iqtisodiy siyosatidan noroziligini hamda Isroil-XAMAS ixtilofiga yondashuvini bunga asosiy sabab qilib ko’rsatmoqda.
AQShda prezident sayloviga bir yil qolganda ayrim shtatlardagi saylovchilar fikrini o’zgartirmoqda. “Nyu-York Tayms” va Siyena kolleji birgalikda o’tkazgan ijtimoiy so’rov natijalari sobiq prezident Donald Tramp saylovlarda odatda aniq bir partiya nomzodiga sodiq bo’lmagan oltita shtatdan beshtasida amaldagi prezident Jo Baydendan ko’p ovoz olishini ko’rsatmoqda.
Sotsiologlar saylovchilarning barcha muhim mavzularga qarashlarini hisobga olgan – abort, iqtisodiyot, milliy xavfsizlik, immigratsiya, demokratiya hamda Bayden ma’muriyatining yaqindan beri yangi mavzuga aylangan Isroil-XAMAS mojarosiga yondashuvini.
Oq uyning Yaqin Sharq siyosatidan noroziligini Vashingtonda bo’layotgan ko’p sonli namoyishlardan ham bilsa bo’ladi.
Saylovchilar mehrini qozonish maqsadida Bayden shtatma-shtat yurib, siyosatini tashviq qilmoqda. Masalan, Delaver shtatida saylovchilar bilan uchrashuvi paytida 16 milliard dollarlik tashabbusini targ’ib qildi.
"Bostondan Vashingtongacha shimoli-sharqiy koridorni qurish uchun 25 xil loyihani amalga oshiramiz. Men bu uchun ko’pdan beri kurashib kelaman”, - dedi Bayden.
Tramp esa hozircha sud ishlaridan bo’shamayati. Moliyaviy firibgarlikda ayblanayotgan sobiq rahbar shu kunlarda Nyu-York sudiga tez-tez qatnab turibdi. Trampga qo’yilgan boshqa jinoiy ayblovlarni hisobga olganda u jami 91 ta punkt bo’yicha sudlanadi. Tramp birortasiga iqror bo’lgani yo’q.
"Ularning reytinglari past. “Nyu-York Tayms”, CBS so’rovlari natijalariga qarang. Hammasida birinchi o’rindaman. Ammo menga nisbatan adolatsizlik bo’lyapti. Saylovga halaqit beryapti. Ahmoqlik”, - dedi Tramp.
Sotsiologlarning aytishicha, amerikaliklar hozir qattiq qutblashgan. Shu hafta Amerikada shtat va mahalliy darajada saylovlar bo’lmoqda.
“Amerika siyosatiga oxirgi bir necha yilda e’tibor bergan odamlar saylov murosasiz bo’ladi deb o’ylashi mumkin. So’rovlar hamisha shunday bo’lishini ko’rsatmoqda. Ammo so’nggi so’rov ulardan farq qiladi. Unda ayrim shtatlarda Trampga boshqa so’rovlarga qaraganda ko’proq ovoz berilgan”, - deydi “Demokratik ko’pchilik Isroil uchun” tashkilotidan Mark Melman.
Ushbu mutaxassisning aytishicha, so’nggi so’rov natijalari Isroil-XAMAS ixtilofi masalasida har ikki taraf saylovchilari konsensusini ko’rsatmoqda. Bayden ham, Tramp ham Isroilni qattiq qo’llab-quvvatlamoqda.
Tahlilchi Todd Belt saylovdan ancha oldin o’tkazilgan so’rovlardan foyda yo’qligini aytadi.
“Bayden kampaniyasi vakillari bilan gaplashganimda ular saylovga hali ancha vaqt borligini, saylovchilar ikki tanlovdan birini tanlashlarini aytishmoqda, Bayden g’alaba qozonishini bashorat qilishyapti, chunki ularning nazarida, xalq Tramp prezidentligi paytidagi tartibsiz siyosatga qaytishni istamaydi”, - deydi Jorj Vashington universiteti eksperti.
Baydenning saylov kampaniyasi “Amerika Ovozi”ga yuborgan bayonotida Trampni peshqadam qilib ko’rsatayotgan so’rovlardan tashvishlanmasligini bildirdi.