Breaking News

Tramp ustidan Vashingtondagi sud jarayonining kuni belgilandi


AQSh sobiq prezidenti Donald Trampning 2021-yil 6-yanvar voqealariga aloqadorligi bo’yicha sud jarayoni kelasi yil mart oyiga belgilandi. Tramp 2020-yilgi prezident saylovlari natijasini o’zgartirishga harakatda ayblanmoqda. Sud ishi 2024-yil saylov kampaniyasining avjiga to’g’ri keladi. Eslatib o’tamiz, respublikachi da’vogarlar orasida Tramp hozircha yaqqol peshqadam.

Xalqaro hayot - 29-avgust, 2023-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:08:42 0:00

Poytaxt Vashington sudi AQSh sobiq prezidenti Donald Tramp ustidan sud jarayoni 2024-yilning 4-martida boshlanishi haqida qaror chiqarib, Tramping Vashingtonga borgan advokatlarini bundan xabardor qildi. Tramp 2021-yil 6-yanvarida Kapitoliyda to’plangan qonunchilarga hokimiyatni tinch yo’l bilan topshirishga halaqit berish harakatida gumon qilinmoqda.

Suddan jarayonni 2026-yil apreligacha boshlamaslikni so’ragan sobiq rahbarning advokatlari sudyaning bu qaroridan norozi ekanini bildirdi. Prokuror esa sud jarayonini 2-yanvar kuni boshlashni, dekabrda esa sud hay’atiga vakil tanlashni so’ragan edi.

Vashingtonlik bir tahlilchi Tanya Chutkan ismli sudyani yuqori malakali mutaxassis deb ataydi.

“U dono qaror chiqardi. Chunki jamoatchilik Trampning unga qo’yilgan jiddiy ayblovlar bo’yicha aybdorligi yoki aybsizligini saylovdan oldin bilishga haqli”, - deydi Amerika universitetida prezidentlar tarixini o’rganuvchi Alan Lixtmen.

Vashingtonlik fuqarolardan iborat katta hay’at Trampni to’rtta punkt bo’yicha sudlashga ovoz bergan. Unga Qo’shma Shtatlarni aldash hamda rasmiy jarayonga g’ov bo’lish uchun fitna uyushtirish kabi ayblovlar qo’yildi. Tramp birortasiga iqror bo’lgani yo’q. Unga ko’ra, uni siyosiy sabablarga ko’ra ta’qib etishmoqda.

“Saylov kampaniyasi paytida men katta farq bilan oldindaman va mening poraxo’r siyosiy raqibim, soxta Jo Bayden meni sudlamoqchi. Soxta va uydirma ayblovlarga qarshi kurashishim uchun saylov kampaniyasidan chalg’itib, meni vaqt va pul sarflashga majburlamoqda”, - deydi Tramp.

Unga ko’ra, ayblovlar saylovchilarning unga bo’lgan xayrixohligini kuchaytirmoqda. Prezidentlikka nomzodini qo’ygan respublikachilardan biri Tramp asosiy saylovda g’alaba qozonishiga ishonmaydi.

"Respublikachi nomzodlar Tramp bilan g’alabaga erisha olmasligimizni tushunishlari kerak”, - deydi Arkanzas shtatining sobiq gubernatori Asa Xatchinson.

Tarixchi Alan Lipmen Trampga 2024-yil noyabrida bo’ladigan saylovdan oldin hukm o’qilishi mumkin degan taxminni olg’a suradi. Chunki, deydi u, 6-yanvar voqealari kuppa-kunduz kuni hammaning ko’z oldida ro’y bergan.

“Trampning qamalishini hisobdan chiqarmaslik kerak. Shunday bo’lgan taqdirda ham u saylov kampaniyasini davom ettirishi mumkin. Ammo respublikachilarga demokratiyamizga bolta urganlikda aybdor topilgan nomzod kerakmi?”, - deya so’raydi Lixtmen.

AQSh tarixida amaldagi yoki sobiq prezidentga jinoiy ayblov qo’yilmagan edi hali. Tramp birinchisi. Aybdor deb topilgan taqdirda umrining qolgan qismini panjara ortida o’tkazishi mumkin. Vashingtondan tashqari Nyu-York, Jorjiya va Floridada ham Trampga ayblovlar qo’yilgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG