Qo'shma Shtatlar Rossiyaning qator kompaniyalari va fuqarolarini "global miqyosda buzg'unchilik harakatlari"da ayblab, ularni sanksiyalar bilan jazoladi. Korrupsiyaga botgan sistemadan foyda olayotganlar bular, deydi AQSh Moliya vaziri Stiv Mnuchin.
Ro'yxatdan yetti oligarx, jumladan alyuminiy magnati va Vladimir Putinning yaqin sherigi Oleg Deripaska va bu shaxslar boshqaradigan 12 kompaniya joy olgan. Shuningdek, Rossiyaning yuqori lavozimdagi 17 rasmiysi va qurol sotuvchi "Rosoboroneksport" agentligi.
Sanksiya qo'yilgan shaxslardan yana biri - Suleyman Kerimov, Rossiyadagi eng boy odamlardan biri, "Polyus" oltin kompaniyasini boshqaradi. Uning boyligi 6,3 milliard dollar. Qora ro'yxatda Putinning kuyovi, tansoqchisi va sobiq bosh vazir Viktor Zubkov ham bor.
AQSh rasmiylariga ko'ra, sanksiyalar muayyan bir hodisa yoki masala bo'yicha emas, balki Rossiya hukumatining dunyo bo'ylab davom etayotgan buzg'unchi va beandisha harakatlariga javobdir.
Jurnalistlar bilan muloqotda Kremlning AQSh saylovlari va G'arbning demokratik tizimlariga aralashuvi, Qrimni bosib olgani, Ukraina sharqidagi beqarorlik, Suriya rahbarini quvvatlayotgani va kiber xurujlar tilga olindi.
Vashingtonga ko'ra, Rossiya hukumatining xatti-harakatlari uchun oligarxlar ham javobgar chunki ular amaldagi rejimdan katta foyda ko'rib kelmoqda. Ularning AQSh hududidagi mol-mulki muzlatildi va amerikaliklarga ular bilan hamkorlik qilish man etildi.
Tramp ma'muriyati hozirgacha Moskvaga qarshi bu qadar kuchli jazo choralari ko'rmagan edi. Shunday bo'lsa-da, Prezident Donald Tramp Putin bilan ishlay olishini aytib kelmoqda.
Rossiyaning Vashingtondagi elchixonasiga ko'ra, AQSh bu qarori bilan xatoga yo'l qo'yayapti va "global iqtisodiy integratsiyani barbod qilayapti".
Britaniya, AQSh va yana o'nlab davlatlar yaqinda bir yoqadan bosh chiqarib, 150 dan ziyod rus diplomatlarini haydab yubordi. Hukumatlar Rossiyani Britaniyada yashayotgan sobiq rus josusini zaharlashda ayblaydi. Sergey Skripal va qizi Yuliya hozir kasalxonada. Bu Rossiya va G'arb o'rtasida diplomatik inqirozga sabab bo'ldi.
Kreml kimyoviy hujumga aloqadorligini inkor etib, g'arb diplomatlarini ham xuddi shu sonda vatanga qaytardi.