"Amerika Ovozi" bilan muloqotda Prezident Donald Tramp Shimoliy Koreya yadroviy qurollaridan butkul qutulishga tayyor ekanini aytdi. Tramp Singapurda muxbirimiz Greta Van Susteren bilan gaplashdi.
Van Susteren: Kim Chen Un sizda qanday taassurot qoldirdi?
Tramp: Ajoyib shaxs ekan. Qiziq, aqlli va usta muzokarachi. Odamlarni yoqtiradi. Xalqini ardoqlaydi. Bu aniq. Muzokara natija berishiga ishonaman. Pxenyan atom qurollaridan voz kechadi. Jarayon darhol boshlanadi. Urush qurbonlari haqida ham kelishdik. Odamlar yo'qotgan insonlarini dafn eta olishi kerak. Koreys xalqi uchun bu juda muhim.
Van Susteren: Inson huquqlari haqida gaplashdingiz, demak. Kim nima dedi?
Trump: Ijobiy qabul qildi. Qurolsizlanish haqida ko'proq gaplashdik, albatta, vaqtimizning 90 foizi shunga ketdi, nazarimda. Lekin xalq dardi ham chetda qolmadi va biz urushda o'lganlarning jasadlarini qaytarish haqida hatto bugun imzolangan hujjatga ham qo'shdik.
Van Susteren: Ultimatumlar haqida gapiring. Kim kimga qanday shart qo'ydi?
Tramp: Ultimatum degan narsa bo'lmadi. Uch oydan beri muloqotda edik, diplomatlarimiz orqali. Davlat kotibimiz Mayk Pompeo qattiq ishladi. Muzokara stoliga bir birimizdan nima istashimizni bilgan holda keldik. 25 soatdan beri uxlaganim yo'q. Uzoq muzokara lekin g'ururga to'laman. Biz gaplashdik va ijobiy ruhda kelishib oldik. Vaholanki, urush bilan yakunlanishi mumkin edi. Millionlab odamlarning hayoti xavf ostida qolishi mumkin edi. Biz buning oldini oldik. Til topishdik. Bu ulkan yutuq.
Van Susteren: AQSh qo'shinlariga nima bo'ladi? Janubiy Koreyada qolaveradimi?
Tramp: Ha, ular joyidan qimirlamaydi. Bu borada gap ochilmadi. Lekin biz urush mashqlarini boshqa o'tkazmaymiz. O'zi ular juda katta pulga tushadi. Ular albatta Pxenyanning asabiga tegib kelar edi. Muzokarada kelishganimizdek, agar Shimoliy Koreya qurolsizlana boshlasa, biz ham urush mashqlaridan voz kechamiz.
Van Susteren: Kim siz bilan nima uchun gaplashdi? Shuncha yillar muzokara qilmagan odam nega hozir shunday qildi?
Tramp: Shu paytgacha bunday imkoniyat bo'lmagan. Gaplashishmagan. Hozir ham oson emas edi. Qarshilar ko'p, bilasiz. Lekin gaplashmay qanday qilib bunday natijaga erishish mumkin? U o'zgarish xohlayapti. Kelishishni xohladi. Iroda bor.
Van Susteren: Nima uchun?
Tramp: Chunki, biladiki, biz u bilan ishlamoqchimiz. Oldin unday bo'lmagan. Iroda yetishmagan. Hozir u bilan biz bilan til topishib, murosa qila olishiga ishondi. Shimoliy Koreya bilan muloqot boshladik, shartlarimizni aniq tushuntirdik va mana hujjat ham imzoladik. Biz quruq gapdan amaliy ishga o'tdik. Hech kim ishonmas edi bunga. Lekin biz uddasidan chiqdik.
Van Susteren: Kim siz haqingizda nima deb o'yladi, nazaringizda?
Tramp: Menimcha, men unga yoqdim. U ham menga yoqdi. U albatta qattiqqo'l odam. Lekin til topishdik. Aytganimdek, u odamlarni yoqtiradi, xalqini ardoqlaydi. Ular uchun qilyapti bu ishlarning barini.
Van Susteren: Xalqi och, uning aybi bilan. U zolim lider. Siz esa u xalqini sevadi, deyapsiz.
Tramp: Lekin mana o'zgarishga moyil ekanini ko'rsatib turibdi-ku. Sanksiya bilan jazolashda davom etishimiz mumkin. Ular joyida. Shimoliy Koreya butkul yadroviy qurolsizlanmaguncha ularni olmaymiz.
Van Susteren: "Amerika Ovozi" Shimoliy Koreyada eshitiladi. Bu xalqqa biz orqali nima degan bo'lardingiz?
Tramp: Rahbaringiz sizni o'ylayapti. Muzokara ijobiy kechdi. Biz bir birimizni tushundik. Maqsadlarimiz ayon. Umid qilamanki, Shimoliy Koreyani buyuk o'zgarishlar kutmoqda.
Van Susteren: Janob prezident, suhbatdan minnatdormiz.
Tramp: Rahmat, dam olish kerak ozgina. Uxlab olishim zarur.
Van Susteren: Oq yo'l.
Tramp: “Rahmat, Greta, gaplashganimizdan xursandman.