Donald Trampning immigratsiyani cheklash va qochqinlarni vaqtinchalik qabul qilmaslik to'g'risidagi farmoni dunyo bo'ylab keskin tanqidlar bilan qarshi olindi.
Yetti mamlakat fuqarolariga viza berish uch oyga to'xtatilgan. Bular - Iroq, Suriya, Eron, Sudan, Liviya, Somali va Yaman. Suriyalik qochqinlarni qattiqroq tekshirish tartibi ishlab chiqilmaguncha AQSh bu mamlakatdan hech kimga boshpana bermaydi.
Bunga javoban Eron ham amerikalik sayyohlarga viza berishni cheklab qo'ydi. O'xshash javob choralari Iroq parlamentida ham muhokama qilinmoqda.
Eron Tashqi ishlar vaziri Javod Zarif fikricha, Trampning farmoni "ekstremistlar va ularni quvvatlovchi guruhlarga tuhfa bo'ldi".
"AQSh Eron xalqiga do'st ekani haqidagi gaplar safsata ko'rinib turibdi", - deydi vazir.
Oq uyning bildirishicha, farmonda tilga olingan mamlakatlar soni yanada kengayishi mumkin. Xabarlarga qaraganda, Birlashgan Arab Amirliklari va Saudiya Arabistoni rasmiylari bugun Prezident Tramp bilan telefon orqali muloqot qilib, ularni ro'yxatga qo'shmaslikni so'raydi.
Yangi tartib 28-yanvardan kuchga kirishi bilan AQSh aeroportlarida 150 dan oshiq odam ushlangan va so'roq qilinmoqda. Ular orasida qochqinlar, grin karta egalari, ishchilar, taqiqqa uchragan yetti davlatga safardan qaytib kelayotganlar bor. To'rt federal sud ularni deportatsiya qilmaslikni buyurdi.
Yevropa rahbarlari ham AQSh rahbarining qarorini qoralamoqda.
"Demokratiya himoyasi fundamental tamoyillarga amal qilishni taqozo etadi. Shulardan biri - muhojirlarga bag'rimizni ochish. Yevropa o'z majburiyatlarini bajardi. Tramp ularga eshikni yopsa, jim qarab tura olmaymiz", - deydi Fransiya prezidenti Fransua Olland.
Lyuksemburg hukumati nazarida Prezident Trampning qarori musulmon dunyosida G'arbga nisbatan ishonchsizlik va nafratni kuchaytiradi.
Germaniya kansleri Angela Merkel deydiki, terrorizmga qarshi kurashni ro'kach qilib, muayyan din va elatga mansub odamlarni ajratish, ulardan gumonsirash adolatsizlikdir.
28-yanvar kuni Oq uyda Donald Tramp bilan uchrashgan Britaniya Bosh vaziri Tereza Mey ham AQSh qaroridan norozi ekanini bildirmoqda. Ayrim qonunchilar Donald Trampning may oyida Britaniyaga safarini bekor qilishga chaqiryapti.
AQShga qo'shni Kanada qochqinlar uchun bag'rimiz ochiq, deya bayonot berdi.
Donald Trampning qaroriga qarshi namoyishlar: