AQSh sobiq prezidenti Donald Tramp Jorjiya shtatida taslim bo’lishi ketidan ba’zi kuzatuvchilar uning 2024-yil prezident saylovidagi imkoniyatlarini past baholamoqda, biroq mamlakat bo’ylab o’tkazilgan so’rovlarda Tramp respublikachi nomzodlar orasida katta farq bilan oldinda.
Nyu-Jersi shtatining prezidentlikka da’vo qilayotgan sobiq gubernatori Kris Kristi nazarida, Trampga qarshi tergovlar partiyaga qimmatga tushyapti.
“Raqiblarining aksariyati sudlangan jinoyatchi prezidentlikka nomzod bo’lishi mumkin va hatto g’alaba qozonishi mumkin degan fikrda. Lekin mening nazarimda, bu imkonsiz”, - dedi u.
Yana bir nomzod, tadbirkor Vivek Ramasvami poygada Trampga raqib bo’lsa-da, uni qo’llab-quvvatlab keladi.
“Tramp qurgan poydevordan foydalanmoqchiman. Uning o’zini esa maslahatchi yoki ustoz sifatida jalb qilaman. Uning ishini davom ettirmoqchiman”, - dedi nomzod.
Ikkinchi muddatga saylanishga umid qilayotgan 80 yashar Prezident Jo Bayden hozircha huquqiy muammolarga yuz tutmayotgan bo’lsa-da, uning yoshi demokrat saylovchilarning xavotiriga sabab bo’lmoqda.
Son-sanoqsiz ayblovlar Tramp ruhini tushirgani yo’q, aksincha, u qamoqxonada tushirilgan suratini hozir ko’plab mahsulotlarga bosib sotmoqda, saylov kampaniyasi uchun pul ko’tarmoqda.