Erdog'an G'arbni terrorchilar yonini olayotganlikda aybladi

  • Amerika Ovozi

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog'an

AQSh rasmiylari o'tgan oy Turkiyada muvaffaqiyatsiz yakunlangan davlat to'ntarishini G'arb qo'llab-quvvatlayotgani haqidagi Rajab Toyib Erdog'an bildirgan ayblovlarini bosiqlik bilan rad etdi.

Prezident Erdog'an o'z qarashlarini va g'azabini xohlaganidek ifoda qilish erkinligiga ega, dedi Davlat departamenti so'zlovchisi Jon Kirbi.

Erdog'an televideniye orqali qilgan murojaatida "aktyorlar xorijda tayyorlangan ssenariy asosida to'ntarishni amalga oshirishga uringanini" ta'kidladi. Do'stlarimiz deb o'ylaganlarimiz terrorchilar va to'ntarish ijrochilari yonini olmoqda, dedi u.

Devlat departamenti so'zlovchisiga ko'ra, Erdog'anning provokatsiyasi kuchayib borishiga qaramasdan, Turkiya bilan hamkorlik davom etadi.

Turkiya rahbari o'z nutqida to'g'ridan to'g'ri AQShga murojaat qilib, Fathulla Gulenni ekstraditsiya qilishni so'radi. Anqara uni harbiy isyonning tashkilotchisi sifatida ayblamoqda.

"Men ekstraditsiya qilishni so'ragan odamni hanuz saqlab turgan bo'lsangiz, qanaqasiga biz strategik hamkorlarmiz?" - dedi Erdog'an.

75 yoshli Fathulla Gulen qariyb 20 yildan beri AQShda istiqomat qiladi. U yuz bergan to'ntarishga aloqasi borligini rad etib keladi.

Bu orada Anqara Vashingtonga Gulenni zudlik bilan hibsga olish zarurligini asoslash uchun navbatdagi hujjatlarni jo'natgan. Diniy arbobga nisbat beriladigan xalqaro xizmat harakati Turkiyada terrorchi tashkilot deb e'lon qilingan.

AQSh rasmiylari hujjatlar qabul qilib olinganini tasdiqladi, ammo ular haqida batafsil izoh bermadi. Anqara yuborgan hujjatlar rasmiy ekstraditsiya talabi bo'lgani yoki yo'qligi ham ochiqlanmagan.

Turkiya prezidentining AQSh va G'arbdan noroziligi AQSh Qurolli kuchlari bosh shtabi qo'mondoni general Jo Danford Turkiya Bosh vaziri Binali Yildirim bilan uchrashganidan bir kun o'tib yangradi.

15-iyul kuni yuz bergan harbiy to'ntarish oqibatida jami 230 dan ziyod odam halok bo'ldi.

Shundan beri minglab odam hibsga olingan. Turli davlat idoralaridagi o'n minglab kishi ishdan haydalgan.

Erdog'an Gulen tarafdorlarining yana to'ntarish uyushtirishiga yo'l qo'ymaslik uchun bu choralar zarur ekanini aytadi.

Ayni paytda Turkiyaning bir guruh qonunchilari Vashingtonga tashrif buyurdi. Ular AQSh rasmiylari bilan Gulenning ekstraditsiyasini tezlashtirish masalasini gaplashgan.