Turkiyaning Istanbul shahrida qochqinlar muammolariga bag’ishlangan ikki kunlik xalqaro anjuman o'tmoqda.
Muhtojlarga gumanitar yordam yetkazish tizimini yo’lga qo’yish, mojarolarning oldini olish, diplomatik yo’llar bilan ularga barham berish xususida fikr almashiladi.
BMT shafe’ligida o’tayotgan ilk Jahon gumanitar sammitida 177 mamlakat vakili, jumladan 65 davlat rahbari qatnashmoqda. Mehmonlar oldida so’zlagan BMT Bosh kotibi Pan Gi Munning aytishicha, insoniyat mas’uliyatli bo’lishi lozim.
Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’an ishtirokchi davlatlarni qochqinlar muammosini hal etishda hamkorlikka chaqirdi.
"Umumiy tamoyillar va maqsadlar yo’lida birga harakat qilsakkina, muvaffaqiyatga erishamiz”, - dedi u.
Turkiya qo’shni Suriyadagi urushdan qochgan salkam 2,7 million odamga boshpana bergan. Konferensiyada nodavlat tashkilotlar ham qatnashmoqda.