Iroq hukumati Turkiya ustidan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashiga shikoyat qilmoqda. Talab shuki, Turkiya Iroq shimolidan qo'shinlarini olib chiqsin.
Bosh vazir Haydar al-Abadiy "Turkiya biz bilan maslahatlashgani yo'q, armiyani olib kirishga ruxsat berganimiz ham yo'q", deydi. Abadiy Anqarani bu davlat suverenitetini buzayotganlikda ayblamoqda.
"Iroqda Turkiyadan tashqari biror davlatning qurolli kuchlari joylashgan emas", - deydi bosh vazir.
Turkiya diplomatik mojaroni hal qilish uchun Bag'dodga rasmiylarini jo'natgan edi. Anqara da'vosiga ko'ra, tanklar va artilleriya Bag'dod va Kurdiston rahbariyati bilan kelishilgan holda hamda "Islomiy davlat"ga qarshi kurashayotgan guruhlarni treningdan o'tkazish maqsadida yuborilgan.
Turkiyaning yetakchi diplomati Faridun Sinirlio'g'li va razvedka boshqarmasi rahbari Hakan Fidan shu hafta Bag'dodda muzokaralar olib borgan.
Bosh vazir Ahmet Davuto'g'liga ko'ra, turk qo'shinlari Iroq shimolidan olib chiqilmaydi. Arab Ligasi bu qarorni tanqid qilgan.
AQShning qayd etishicha, Iroqda har qanday harbiy operatsiya Bag'dod roziligi bilan amalga oshirilishi lozim.
Turkiya armiyasi Mosul shahri yaqinida sunniy guruhlarni va kurd jangchilarini harbiy tayyorgarlikdan o'tkazyapti. Mashqlar o'tgan yili boshlangan.