Turk kemasi G'azoga safar rejalar ekan, Isroil norozi

  • Amerika Ovozi

Turkiyadagi Inson Huquqlari, Ozodlik va Insonparvarlik Xayriya Jamg’armasi "Moviy Marmara" kemasida G'azo sektoriga yordam yetkazish qarorida qat'iy.

O’tgan yil may oyida Isroil kuchlari falastinliklar uchun G’azoga insonparvarlik yuki olib ketayotgan kemaga hujum qilib, Turkiyaning to’qqiz fuqarosini o’ldirgan edi.

O’shandan beri Turkiya-Isroil aloqalari ancha sovuq. Turk faollari G’azoga yana bir bor gumanitar yuk olib borishni rejalamoqda.

Turkiyadagi Inson Huquqlari, Ozodlik va Insonparvarlik Xayriya Jamg’armasi rahbari Bulent Yildirimning aytishicha:

"O’tgan yili hamlaga duch kelgan “Moviy Marmara” kemasi hozir safarga tayyorlanmoqda. Unga Yevropa mamlakatlaridan boshqa kemalar ham qo’shiladi".

O’tgan yil may oyida Isroil kuchlari falastinliklar uchun G’azoga insonparvarlik yuki olib ketayotgan kemaga hujum qilib, Turkiyaning to’qqiz fuqarosini o’ldirgan edi.

Isroil askarlarining kemaga hamla qilib, turk fuqarolarini o’ldirishi ommaviy norozilik uyg'otgan va aloqalar taranglashgan edi.

Turkiya hukumati Isroildan rasmiy ravishda kechirim so’rab, halok bo’lganlarning oilalariga tovon to’lashni talab qilgan. Isroil esa bu "o'z mudofaamiz uchun qilingan operatsiya" deya Turkiya talablarini rad etgan.

Yahudiy davlati “Moviy Marmara” ning G’azo tomon yana safarga chiqayotganiga qarshi.

Isroil rasmiylari bu borada Turkiya hukumatiga murojaat qilgan. Lekin diplomat Selim Yenel deydiki, Anqara qarorida qat'iy.

Turk kemasi G'azoga safar rejalar ekan, Isroil norozi

"Keskinlik yuzaga kelmasligi uchun harakat qilayapmiz. Bu tashabbuslar ketida davlat emas, xususiy xayriya jamg’armalari turibdi. Nodavlat tashkilotlarning tashabbusiga qarshi chiqa olmaymiz", - deydi Turkiya rasmiysi.

Istanbul Universiteti professori Nuray Mert nazarida hukumat istasa, bu tashabbusga yo'q deyishi mumkin. Lekin islomiy xayriya tashkiloti va Turkiyada hukmron "Adolat va Taraqqiyot" partiyasi mafkuraviy jihatdan bir fikrda.

Mutaxassis fikricha, turk kemalari yana G’azoga safar qilsa, Turkiya-Isroil o’rtasidagi aloqalarni yaxshilash tashabbuslari puchga chiqishi tabiiy.

Turkiyada shu yoz mahalliy saylovlar o’tkaziladi. Isroilga nisbatan qattiq siyosat yuritishni so'rab kelayotgan fuqarolarni xursand qilish - "Adolat va Taraqqiyot" partiyasi manfaatlari uchun xizmat qiladi,- deydi Nuray Mert.

Siyosatdonlarning xavotiri shuki, Turkiya-Isroil aloqalari yanada sovuqlashsa, bu shundoq ham notinch mintaqani yanada beqarorlashtirishi, xalqlar tinchligiga raxna solishi mumkin.