Turkiya Suriyaga ko'proq harbiy texnika olib kirdi

  • Amerika Ovozi

Turkiya va uning Suriyadagi ittifoqchilari Suriya shimolida “Islomiy davlat” to’dasiga qarshi yangi front ochdi. Anqara qo’shni mamlakatga 20 tank, besh bronetransportyor, yuk mashinalari va zirhli boshqa transport vositalarini kiritdi.

“Furot qalqoni” deb nomlangan operatsiya doirasida turk qo’shinlari va “Suriya ozod armiyasi” kuchlari Turkiya chegarasiga yaqin Jarablus shahri va g’arbdagi Chobanbey tumani atrofidagi qishloqlarni birin-ketin egallamoqda.

Turkiya Bosh vaziri Binali Yildirimning aytishicha, amaliyotlar natijasida Turkiya-Suriya chegarasi “Islomiy davlat” va kurd jangarilaridan butunlay ozod etilgan.

Suriya

5-sentabr kuni Suriyaning bir necha shahrida xurujlar sodir etilgan. Xususan, shimoli-g’arbda joylashgan Tartus shahridagi Arzuna ko’prigida ikki portlashda 11 odam o’lgan, 45 nafari jarohat olgan.

Davlat televideniyesining xabar berishicha, avval mashinaga o’rnatilgan bomba portlagan, so’ng voqea sodir bo’lgan joyda odamlar to’planganida bombali kamar taqqan bir odam o’zini portlatgan.

Hims shahrida harbiy punkt yonida ham xuruj sodir etilib, kamida ikki odam nobud bo’lib, to’rt kishi yaralangan. Bu ikki shahar hozir hukumat kuchlari qo’lida.

Kurdlar nazoratidagi Hasaki shahrida mototsiklga biriktirilgan bomba portlab, uch odam o’lgan. Poytaxt Damashq tevaragidagi portlashda jabr ko’rganlar aniqlanmoqda.