Turkiya nega o’zbek jurnalistlaridan xavfsiramoqda?

Your browser doesn’t support HTML5

O’zbekiston Bosh prokuraturasi Turkiyada hibsga olingan jurnalist Abdukarim Mirzayevga nisbatan rasman biror da’vo, e’tiroz yo’qligini bildirgan.

11-dekabr kuni Turkiya politsiyasi tomonidan hibs qilingan Mirzayevga nisbatan mavjud gumonlar tasdiqlanmagan, ammo bundan qat’i nazar jurnalistni Turkiyadan deportasiya qilish bo’yicha qaror chiqarilgan. U majburan O’zbekistonga qaytarilishi mumkin.

Buni ham ko'ring O‘zbekistonlik jurnalist Abdukarim Mirzayev Turkiyada hibsda

Biroz avval o’zbek jurnalistlaridan yana biri Davron Tojialiyev ham Turkiyaga kiritilmagan edi. O’zbekistondan Turkiyaga uchib borgan Tojialiyevga Istanbul aeroportida u Turkiyaga kirishi taqiqlangan shaxslar ro’yxatida ekanligi ma’lum qilinadi. Turkiya migratsiya bo’limida bir muddat ushlangan Tojialiyev navbatdagi reys bilan O’zbekistonga jo’natib yuboriladi.

Turkiyaning xorij, jumladan, O’zbekiston fuqarolarini mamlakatga kiritmasligi, hibsda ushlashi yoki mamlakatdan chiqarib yuborishi yangilik emas. Ammo bu odatda O’zbekiston hukumatining keskin tanqidchilari bo’lgan muxolifat vakillariga yoki ekstremizmda, boshqa jinoyatlarda gumonlangan fuqarolarga tegishli bo’lib kelayotgan edi.

Abdukarim Mirzayev ham, Istanbul aeroportidan deport qilingan Davron Tojialiyev ham o’zbek jamoatchiligiga yaxshi tanish, siyosiy faoliyatdan chetda bo’lgan jurnalistlardir.

Turkiya tomoni ikki o’zbek jurnalistlarini qanday sabablar bilan mamlakat uchun xavfli deb topgani mavhum. Ammo bu borada turlicha taxminlar, farazlar bildirilmoqda, jumladan ikki davlat o’rtasida maxsus ro’yxat mavjudligi yuzasidan ham.

“Amerika Ovozi” so’nggi vaziyatni Turkiyada bir necha yillar yashagan, faoliyat yuritgan, keyinchalik Turkiyaga kirishiga taqiq qo’yilgan o’zbek muxolifatchisi Namoz Normo’min bilan muhokama qildi.