Turkiyada saylovchi bosh qomusni o'zgartirish uchun ovoz berdi

  • Amerika Ovozi

Turkiyada referendum

Turkiya parlamentar demokratiya tizimidan prezidentlik boshqaruv tizimiga o'tadimi? Bugun bu mamlakat saylovchilari shu masala yuzasidan ovoz berdi. Referendum natijasi hozircha "ha" degan tomonda, deya bildirmoqda saylov komissiyasi. Ovozlarning 97 foizi sanab bo'lingan va bosh qomus o'zgartirilsin deb chiqqanlar 51 foizdan oshiq.

84 yil mobaynida dunyoviy demokratiya sifatida taraqqiy etgan Turkiya yangi bir davr bo'sag'asida. Ikkiga bo'lingan. Din siyosiy rol o'ynamasin deya fikrlovchilar va bunga qarshilar. Prezident Rajab Toyib Erdog'an islom hayot va siyosatning ajralmas qismi deb biladi. Muxolifat va millionlab turklar esa buning aksini istaydi.

“Yo'q deb ovoz berdim”, - deydi saylovchilardan biri. “Yangi konstitutsiya loyihasi na respublika, na demokratiya va na boshqa narsa. Hech narsa. Bir odam butun hokimiyatni qo'lga oladi”.

Istanbul saylov markazlaridan biridan chiqib kelayotgan ayol saylovchi:

“Kelajak uchun ovoz berdim. Yakkahokimlikka yo'q dedim. Hozirgi tizim a'lo darajada ishlayotgan bo'lishi mumkin, lekin davlat organlari mustaqil va o'z kuchiga ega, bir-birini tekshirib, muvozanatlab turadi. Parlament, adliya, ijroiya. Men o'zgarish istamayman".

Ha deb ovoz berganlar nazarida esa Turkiya bugun yangilanishga tayyor. Prezident boshqaruvi diktatura emas, deydi ular. Muxolifat esa Erdog'an aynan shu yo'ldan ketmoqda, deya siyosiy tazyiqlarga e'tibor qaratmoqda.

Erdog'an deydiki, terrorga qarshi kurash va iqtisodiy taraqqiyotni ta'minlash uchun prezidentga ko'proq vakolat zarur. Sobiq prezidentlar va bosh vazirlarning ko'pi bu fikrga qo'shilmaydi. Ular ta'biricha, Erdog'an yakkahokim bo'lmoqchi va bunga qonuniy asos izlamoqda.

Jumhuriyat Xalq partiyasi (CHP), asosiy oppozitsiya lideri Kamol Qilichdoro'g'li xalqni yo'q deya ovoz berishga chaqirar ekan, kelajakni sizning imkoniyatlaringizni cheklashga bel bog'lagan odam qo'liga topshirmang, deydi.

Prezident Erdog'an

Istanbul ovoz berish markazlarida

Referendumda Erdog'an yutsa, parlamentning roli pasayadi. Bosh vazir va vazirlar mahkamasi yo'q bo'ladi. Hamma vazirlar prezidentga javob beradi va aynan uning tomonidan tayinlanadi. Byudjetni ham prezident hal qiladi.

Bosh qomusdagi o'zgarishlardan yana biri prezidentga neytral bo'lmaslikka ruxsat beradi. Demak, u partiyaga yetakchilik qiladi. Shu paytgacha konstitutsiya buni taqiqlab kelgan. Prezident parlamentni tarqatib yuborish, favqulodda holat e'lon qilish, oliy sud va konstitutsion sud a'zolarini tayinlash vakolatiga ega bo'ladi.

Diktatura uchun zamin yaratilmoqda, deya bong urmoqda qarshi tomonlar.

“Yakkahokimlik", - deydi oppozitsiya rahbari Qilichdoro'g'li. "80 million odam o'z taqdirini bir inson qo'liga topshira olmaydi".

Anqara ovoz berish markazlarida

Erdog'an va Qilichdoro'g'li referendum natijasi qanday bo'lishidan qat'i nazar, odamlar zo'ravonlikka berilmasin, deya jamoatchilikni tinchlik saqlashga undamoqda.

Ommaviy so'rovlarda ha va yo'q deya ovoz berayotganlar orasidagi farq katta emas. Adolatli saylovlar o'tkazishga odatlangan jamiyatda bugun ayrim joylarda ovozlar qayta sanalishi kerak, soxta ovozlar berilgan bo'lishi mumkin degan talablar yangramoqda.

Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti referendumni yaqindan kuzatmoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

Mobil-salom: Turkiyada referendum