Poytaxt Vashingtonda turkiy millatlarning turli tashkilotlarini o’zida jamlagan Turkiy-Amerika Milliy Konvensiyasi o’zining 33-yillik anjumanini o’tkazdi. Uch kun davom etgan tadbirda ishbilarmon doiralar, siyosatdonlar hamda ilmiy dargoh vakillari AQShdagi turkiy xalqlar o’rtasidagi bugungi aloqalar va kelajak rejalar haqida fikr almashdi. Muhokama qilingan mavzulardan biri - sobiq Sovet ittifoqi davrida ommaviy tazyiqqa uchragan turkiy millatlar taqdiri.
Ikkinchi jahon urushi tugashi arafasida, 1944-yil Sovet Ittifoqi rahbari Stalin buyrug’i bilan yuz minglab ukrainalik qrim-tatarlar va Gruziyada yashagan mesxeti turklari o’zlari tug’ilib o’sgan va bir necha asrlardan beri yashab kelgan ona vatanlaridan quvilib, yoppasiga Markaziy Osiyoga, xususan, O’zbekistonga surgun qilinadi. O’sha davr tarixchilarining aytishicha, bu xalqlar urush paytida nemis fashistlariga yordam bergan va Stalin buni kechira olmagan.
Your browser doesn’t support HTML5
Ikkinchi jahon urushi tugashi arafasida, 1944-yil Sovet Ittifoqi rahbari Stalin buyrug’i bilan yuz minglab ukrainalik qrim-tatarlar va Gruziyada yashagan mesxeti turklari o’zlari tug’ilib o’sgan va bir necha asrlardan beri yashab kelgan ona vatanlaridan quvilib, yoppasiga Markaziy Osiyoga, xususan, O’zbekistonga surgun qilinadi. O’sha davr tarixchilarining aytishicha, bu xalqlar urush paytida nemis fashistlariga yordam bergan va Stalin buni kechira olmagan.
Ammo keyingi davrga oid boshqa tarixchilar nazarida, ommaviy ko’chirish Stalinning Turkiyaga qarshi ko’zlagan maxfiy rejasi bilan bog’liq. Ularga ko’ra, Stalin Turkiyaga qarashli ayrim hududlarni Sovet Ittifoqiga qo’shib olish niyatida bo’lgan va agar o’rtada urush kelib chiqsa, chegara yaqinidagi turkiy xalqlarning Turkiya yonini olishidan xavfsirab, ularni mamlakat ichiga ko’chirishga qaror qilgan.
Vashingtonda o’tgan ilmiy anjumanda tarixchilar shu haqda ma’lumot berdi. Qrim-tatarlar Xalqaro qo’mitasi rahbari Inji Boumenning aytishicha, Markaziy Osiyoga majburan ko’chirilgan musulmon turkiy xalqlar soni bir millionga yaqin bo’lgan.
“1944-yilning may oyida Qrim ozod etilishi bilan, Stalin bu yerdagi qrim-tatarlarni zudlik bilan O’zbekistonga jo’natish haqida qaror qabul qiladi. Tong sahar uchda hammani uyg’otib, poyezdlarga yuklay boshlashadi. Ularning aksariyati ayollar va yosh bolalar edi, chunki erkaklarning ko’pi urushda bo’lgan. Ko’chish davomida va surgunning dastlabki 2 yilida qrim-tatarlarning 45 foizi halok bo’lgan”, - deydi tadqiqotchi Boumen.
1953-yil Stalin vafot etgach, chechen va bolgar kabi surgunda bo’lgan ayrim xalqlarga o’z yurtlariga qaytish ruxsati beriladi. Ammo qrim-tatarlar, mesxeti turklari va Volga nemislariga bunday huquq berilmaydi. 1967-yil sovet hukumati xoinlik tamg’asini qrim-tatarlardan ko’targan bo’lsa ham, ittifoq qulagungacha ularning o’z vatanlariga qaytishlariga ruxsat berilmaydi.
Nihoyat 1989-yildan boshlab 200 mingdan ortiq qrim-tatarlar o’z yurtlariga qaytadi. Ammo bu yurt endi ularga begona edi, deydi Inji Boumen.
“Uylari, yerlari tortib olingan edi. Shuning uchun ular dastlab chodirlarda yashashga majbur bo’lishdi. Surgundan oldin qrim-tatarlarning aksariyati sohil bo’yida yashagan. Sayyohlik imkoniyatlari yuqori bo’lgani uchun bu yerlar mo’may daromad manbai hisoblanadi. Ammo qaytganlaridan keyin ularga bu joylarni berishmaydi, balki ichkaridagi qishloq hududlariga joylashishga majbur bo’lishadi. Bu katta adolatsizlik edi”, - deydi tahlilchi.
Yana uning aytishicha, mahalliy aholi qrim-tatarlarga ajnabiy kelgindilar sifatida qaraydi. Ularning toptalgan haq-huquqlari tiklanmadi, tortib olingan mol-mulklari qaytarib berilmadi; aksincha, millatchi yoshlar ularga hanuz tazyiq o’tkazishda davom etmoqda, deydi olim.
Turkiy xalqlar yig’inida ishtirok etgan yana bir tadqiqotchi, AQShdagi Ozarbayjon jamiyati faollaridan biri Jovid Husaynov ozariy xalqi ko’rgan jabr-zulmlar haqida gapirib berdi.
Ma’lumki, Tog’li Qorabog’ hududi uzoq yillardan beri Armaniston va Ozarbayjon o’rtasida talash. Aslida bu mojaro tarixi o’tgan asr boshiga borib taqaladi. Etnik ziddiyatlar Sovet Ittifoqi qulashi arafasida yanada kuchayib, 80-yillar oxirida ikki davlat o’rtasida 6 yillik urush kelib chiqadi. Ayni shu urush davrida, 1992-yilda Xo’jali qatliomi nomi bilan tarixga kirgan mash’um voqea yuz beradi.
Armaniston askarlari ozarlar yashovchi Xo’jali shahriga bostirib kirib, 600 dan ziyod tinch fuqaroni, jumladan, ayollar va bolalarni o’ldiradi. Tadqiqotchi Jovid Husaynovning aytishicha, Armaniston hukumati qatliom uchun mas’uliyatni hanuz o’z bo’yniga olgani yo’q.
“Dunyoning ko’plab davlatlari, xususan, AQShning bir necha shtati Xo’jalida nafaqat qatliom bo’lganini qonunan tan oldi, balki unda arman va rus xavfsizlik kuchlarining qo’li borligini e’tirof etdi. Shunga qaramay, Armaniston hanuz bu jinoyat uchun mas’uliyatni o’z bo’yniga olgisi kelmayapti ”, - deydi u.
Sovet Ittifoqi davrida aziyat chekkan turkiy xalqlardan yana biri – mesxeti turklari hisoblanadi. Ular ham qrim-tatarlar kabi Ikkinchi jahon urushi tugashi arafasida O’rta Osiyoga surgun qilingan. 1989-yil mahalliy o’zbeklar bilan to’qnashuv yuz bergach, mesxeti turklari ittifoqning boshqa respublikalariga ko’chiriladi. Ular hayotini o’rgangan olima Chigdem Balimning aytishicha, aksariyati bugun AQShda yashamoqda.
“Ko’chib borgan joylarida bu odamlarga hech qanday haq-huquq berilmadi. 10-15 yil xor bo’lib yashashdi. Keyin AQSh ularning muhojirlikka chiqishi uchun ko’maklashishga qaror qildi. Mesxeti turklari uchun maxsus viza dasturi ochildi. Natijada ularning 21 ming nafari AQShga kelish uchun hujjat topshirdi. Hozir AQShda, taxminan, 15 ming mesxeti turklari istiqomat qiladi”, - deydi Indiana universiteti professori.
Olimaning aytishicha, bu elat bugun AQShda farovon hayot kechirmoqda. Jamoa bo’lib yashashga odatlangan xalq Amerikada butun boshli mahallalarni sotib olib, yangi uylar, do’kon va restoranlar qurdi, aholini ish bilan ta’minladi. Shuning uchun amerikaliklar ularni juda yaxshi ko’radi, deydi tadqiqotchi Balim.