Turkiya Rossiya yordamida qurilishi bitirilayotgan ilk atom elektrostansiyasi shu yili ishga tushirilishini, Rossiya ikkinchisiga ham yordam berishini, uchinchi reaktor qurilishiga esa Xitoy jalb qilinishi mumkinligini bildirmoqda.
Your browser doesn’t support HTML5
Tahlilchilarga ko’ra, bu G’arb sanksiyalariga uchragan Rossiya uchun moliyaviy izolyatsiyadan chiqishning bir yo’lidir.
“Rosatom” nafaqat Turkiyada, balki Vengriya, Finlyandiya, Misr, Saudiya Arabistonida ham ishlamoqda. Turkiyadagi loyiha muvaffaqiyati unga qiziqish bildirayotgan mamlakatlar uchun yaxshi namuna bo’ladi. Putin esa bu bilan Erdog’anga bosim qo’ya oladi”, - deydi London energetika klubidan Mehmet O’gutchu.
“Akkuyu” atom elektrostansiyasi Turkiya va Rossiya rahbarlari o’rtasidagi shaxsiy munosabatlar chuqurlashayotganining muhim ramzidir, deydi ba’zi kuzatuvchilar.
Anqara ushbu loyiha orqali yoqilg’i importiga bo’lgan tobeligini kamaytirmoqchi va shu sabab Moskvadan yordam so’rashga majbur bo’ldi. Rossiya 20 milliard dollarlik loyihani moliyalashga rozi bo’lgan yagona davlat bo’lgani aytiladi.
“G’arb Turkiyadagi loyihalarni moliyalashga tayyor emas. Albatta, Turkiya energetika infratuzilmasini Yaponiya, Yevropa yoki Amerika kompaniyalari qurishini yoki qurilishida yordam berishini istagan bo’lardik. Ammo ular bu kabi yirik loyihalarni moliyalashga tayyor emas”, - deydi konsultant Mithat Rende.
Mehmet O’gutchu Turkiyaning Rossiya yoqilg’isiga tobelikni oshirish qaroridan hayratda.
"Turkiya tabiiy gazning katta qismini, xom neftni, ko’mirni va boshqa neft-kimyo mahsulotlarini Rossiyadan oladi. Siyosiy tarafdan ham munosabatlar iliqdir. Atom elektrostansiyasi bobida ham Rossiyaga tobe bo’lishni to’g’ri deb bilmayman. Bugun Putin bilan do’stsiz, ertaga yoki 2-3 yildan keyin nima bo’lishini xudo biladi”, - deydi mutaxassis.
Anqara uchinchi reaktor qurilishiga Xitoy yoki Janubiy Koreyani jalb qilmoqchi. Xitoy ko’p mamlakatlarda yirik infratuzilma loyihalari bilan shug’ullanishini hisobga olganda Anqara Pekin bilan til topishib ketishi qiyin emas, deydi kuzatuvchilar.
“Yangi strategiya toza energiyaga, yangilanuvchi energiyaga sarmoya qilishdan iborat. Xitoy bu borada ancha ilg’or. Xitoy kompaniyalari qattiq raqobatlashmoqda. Agar taraflar kelisha olsa, bu nafaqat Turkiyada, balki mintaqada Xitoyning eng muhim sarmoyalaridan biri bo’ladi”, - deydi Marmara universitetidan Chag’dash Ungor.
Turkiyaning Rossiya va Xitoy kabi mamlakatlar bilan energetika bobidagi uzoq muddatli kelishuvlari, tahlilchilar nazarida, Anqaraning G’arb bilan aloqalariga salbiy ta’sir qilishi mumkin.