Isroil Prezidenti Isxak Gersog Turkiyaga ikki kunlik tashrifini boshladi. Aloqalardagi 10 yildan ortiq davom etgan uzilishdan so’ng ilk bor mamlakat rahbari Anqaraga keldi.
Isroil Prezidenti Isxak Gersogning Anqaraga tashrifi ikki davlat o’rtasidagi aloqalarda jiddiy burilish yuz bergani dalili sifatida ko’rilmoqda.
Isroilning G’azoga hujumi ortidan 2018-yil Turkiya Isroildagi elchisini chaqirib olgan edi. Anqara endi aloqalarni qayta tiklash niyatida.
“Turkiya mintaqada o’zi tushib qolgan izolyatsiyadan chiqish niyatida. Tashqi siyosatdagi xatolari tufayli Yaqin Sharq va Sharqiy O’rta yer mintaqasida ittifoqchilik aloqalaridan chetda qolib ketgan edi. Turkiya hosil qilgan bu bo’shliq uning mintaqaviy raqiblariga faqat foyda keltirdi”, - deydi tahlilchi Selin Nasi.
Buni ham ko'ring Eron va energetika mavzulari – Turkiya-Isroil aloqalarini tiklashda muhim omillarGersog tashrifi oldidan Falastin tarafdorlari Isroilga qarshi namoyishlar o’tkazdi.
Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdog’an ham Falastin davlatchiligining himoyachisi bo’lib kelgan.
Gersog tashrifi davomida XAMAS Istanbuldan turib Isroilga qarshi xurujlar tayyorlayotganiga oid xavotirlarni ko’tarishi kutilmoqda. Ammo, deydi kuzatuvchilar, Turkiya bilan aloqalarni yaxshilash maqsadida bu masala ehtiyotkorlik bilan tilga olinadi.
“Eron Yaqin Sharqda Turkiya muhim rol o’ynashini biladi. Katta davlat, katta kuch. Isroilning asosiy xavotiri esa Erondan kelayotgan tahdid. Shu bois Turkiya bilan ziddiyatga kirishishni xohlamaydi, bundan unga foyda yo’q”, - deydi Milliy xavfsizlik tadqiqotlari instituti eksperti Galia Lindenstraus.
Isroilni, asosan, Eron yadro dasturi va uning mintaqada o’sib borayotgan ta’siri xavotirga solmoqda.
“Prezident Erdog’an ilgari mintaqada fors ekspansionizmi kuchayayotgani va eronliklar buni to’xtatishi zarurligi haqida gapirgan. U bu haqda xavotirlarini bildirgan va hozir ham shunday”, - deydi Turkiya prezidenti maslahatchisi Ilnur Chevik.
Energiya - yana bir hamkorlik mavzusi. Turkiya Isroil gazi uchun muhim bozor hisoblanadi.
Buni ham ko'ring Turkiya arab dunyosi bilan aloqalarni tiklash niyatidaShuningdek, deydi ekspertlar, Isroil Anqara uchun Vashington bilan aloqalarni yaxshilash vositasi hamdir.
“Turkiya AQSh Kongressidagi Isroil lobbisidan ko’p foyda ko’rgan. Hozir Turkiyaning AQSh Kongressi bilan aloqasi muammoli ekanini hisobga olsak, bu masalada yordam bera oladigan koalitsiyani qayta tiklashga harakat bor”, - deydi Qodir Has universiteti tadqiqotchisi Soli O’zel.
Vashington aloqalardagi bu iliqlashuvni yoqlaydi. Ammo Gersogning tashrifi faqat birinchi qadam. Kuzatuvchilar fikricha, agar tomonlar Erdog’an va Isroil Bosh vaziri Naftali Bennet uchrashuvini tashkil qila olsa, munosabatlardagi haqiqiy o’zgarish shunda yuz beradi.