Sentabr oyining ikkinchi yarmidan beri Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdog‘an Anqaraning Vashington bilan munosabatlari haqida bir qator bayonotlar berdi. Erdog’an AQShning S-400 mudofaa tizimi va F-35 qiruvchi samolyotlari borasidagi pozitsiyasidan hamda Suriyadagi kurd guruhlariga qo‘llovidan norozi, ayni paytda AQShni Turkiyaning strategik sherigi deb atamoqda.
Shunisi aniqki, Anqara so‘nggi yillarda Vashington bilan munosabatlaridan qoniqayotgani yo‘q. Istanbuldagi Sabanji universiteti professori Ersin Kalayjio‘g‘li ikki davlat munosabatlari ilib ketmayotganini Turkiyadagi siyosiy o‘zgarishlar bilan bog‘laydi.
Olimga ko‘ra, Turkiya Vashington umid qilganidek qonun ustuvorligi va demokratiyaga yaqinlashmayapti, balki undan tobora uzoqlashyapti.
“Ayniqsa oxirigi yillarda Turkiya va AQSh munosabatlari past-baland bo‘ldi. So‘nggi vaqtda aloqalar biroz sovuq, – deydi professor Kalayjio‘g‘li. – 2009-yilda prezident (Barak) Obamaning saylanganidan keyin xorijga birinchi safari Anqaraga bo‘lgan edi, o‘sha paytda dunyodagi va Turkiyadagi shartlar bunga imkon berardi. Turkiya demokratiya masalasida, Yevropa Ittifoqi bilan munosabatlarda, Isroil masalasida katta siljishga erishgan edi. Obamaning safari o‘sha paytda Yaqin Sharq hamda keng jo‘g‘rofiyada Turkiyaning namuna davlat holatiga kelishiga qaratilgan ishorani kuchaytirish uchun edi. Biroq 2010-yillardan e’tiboran Turkiya avvalo qonun ustuvorligi bilan ko‘pam aloqasi qolmagan mamlakatga aylandi. Demokratiya bilan aloqali asosiy ko‘rsatkichlari jiddiy ravishda pasaydi, xalqaro reytinglarda ancha pastga tushdi”.
Ersin Kalayjio‘g‘liga ko‘ra, bu holatdagi Turkiyaning AQSh bilan munosabatlari jadallashib ketishiga umid qilmasa ham bo‘ladi. Zero, deydi olim, Prezident Jo Bayden BMT Bosh Assambleyasidagi nutqida asosiy e’tiborni yana bir bor inson huquqlari va demokratiyaga qaratdi.
Rajab Toyyib Erdog‘an ham assambleyanng 76-sessiyasida qatnashish uchun 19-22 sentabr kunlari AQShda bo‘ldi, bir qator uchrashuvlar o‘tkazdi. Xususan, Nyu-Yorkda Turk-Amerika muvofiqlashtirish qo‘mitasida (TASC) Amerikadagi turkiyaliklar va musulmon jamoalari vakillari bilan uchrashuvda Anqara va Vashington o‘rtasidagi aloqalarga to‘xtalib o‘tdi.
Unga ko‘ra, o‘tgan yili Turkiya va AQSh o‘rtasidgai savdo aylanmasi 20 milliard dollardan oshgan. Maqsad – bu ko‘rsatkichni 100 milliard dollarga yetkazish.
Turkiya yuzini butkul Rossiyaga o‘girishini AQSh xohlamaydi, zero, Erdog‘anning boshqaruv uslubi tobora Putinning boshqaruv uslubiga o‘xshab bormoqda. Anqara va Vashington o‘rtasidagi aloqalarning buzilishidan birinchi navbatda, albatta, Moskva xursand bo‘ladi.
“Turk va Amerika jamiyatlari muayyan kamolotga erishgan. Birga va barobar harakat qilaylik. Turkiya va Amerika aloqlariga katta hissa qo‘shishimizga ishonaman. Turkiya va AQSh – munosabatlari umumiy qadiryatlarga, umumiy manfaatlarga, uzoq tarixga ega ikki do‘st va ittifoqdosh mamlakat. Vaqti-vaqti bilan bizda ba’zi masalalarda fikrlarimiz turlicha bo‘lsa-da, ko‘plab mintaqaviy va global masalalarda munosabatimiz va manfaatlarimiz o‘xshash. Shuningdek, biz iqtisodiy jihatdan savdo salohiyatini oshirmoqdamiz. Epidemiyaga qaramay, bizning o‘zaro savdo hajmimiz 20 milliard dollardan oshdi. Bu yil 25 milliard dollar darajasiga yetamiz, 100 milliardlik maqsadga erishish uchun harakatlarimizni tinmay davom ettirmoqdamiz. Iyun oyida Bryusselda Prezident (Jo) Bayden bilan o‘tkazgan konstruktiv uchrashuvimizda biz barcha sohalarda hamkorligimizni mustahkamlash uchun birgalikda harakat qilishga qaror qilganimizni o‘zaro tasdiqladik”, – dedi Erdog‘an.
Amerikalik tadbirkorlar va investorlar bilan uchrashuvda esa Turkiya rahbari ikki davlat 70 yildan beri do‘st va ittifoqdosh ekanligini, Amerika bilan mudofaa, xavfsizlik, terrorchilikka qarshi kurash, investitsiyalar va boshqa sohalarda strategik hamkorlik olib borilayotganini aytdi.
Xalqaro munosabatlar bo‘yicha mutaxassis, professor Ilhan Uzgel fikricha, Rajab Toyyib Erdog‘anning strategik hamkorlik haqidagi so‘zlari AQSh bilan aloqalarni yaxshilash uchun aytilgan.
“Erdog‘an boshqaruvidagi Turkiyaning Amerikadan kutgani – yanada yaxshiroq, yaqinroq aloqalar. Har bir hukumat uchun Amerika boshqa mamlakatlardan ancha boshqacha ahamiyatga ega. Erdog‘an ham aloqalarni yaxshilashga harakat qilyapti. Lekin hozirgi shartlarda munosabatlarning yaxshilanishini ta’minlaydigan biror o‘zgarish ko‘rinmayapti. Balki Amerika nuqtai nazaridan Yaqin Sharqda nimadir yuz bersa, Xitoy yoki Rossiyaning qandaydir hamlasi bo‘lsa, agar u yerda Turkiyaga ehtiyoj sezilsa, o‘zaro aloqalar yaxshilana boshlashi mumkin. Erdog‘an Afg‘oniston masalasida buni sinab ko‘rdi, biroq Kobul aeroporti xavfsizligini ta’minlash taklifi bilan ilgari siljish bo‘lmadi. Shunday ekan, Amerika tuzumida yoki mintaqada qandaydir o‘zgarish bo‘lmasa, Turkiya-Amerika aloqalari shu taxlit davom etadi. Agar katta va muhim nimadir yuz bermasa, Bayden boshqaruvi Erdog‘an hukumati bilan o‘zini uzoqroq tutgan holda aloqa olib boradi”, – deydi Uzgel.
Balki Amerika nuqtai nazaridan Yaqin Sharqda nimadir yuz bersa, Xitoy yoki Rossiyaning qandaydir hamlasi bo‘lsa, agar u yerda Turkiyaga ehtiyoj sezilsa, o‘zaro aloqalar yaxshilana boshlashi mumkin.
AQShdan qaytgandan keyin Erdog‘anning tanqidiy fikrlari ham yangray boshladi. U NATOga a’zo ikki davlat sifatida Turkiya va Amerikaning aloqalari yaxshiroq bo‘lishi kerakligini va hech bir AQSh prezidenti bilan hozirgidek muammolarga duch kelmaganini aytib, Suriyadagi kurd qurolli guruhlarini nazarda tutgan holda AQShni terror guruhlariga kutilganidan ko‘proq yordam berishda aybladi.
“Ularga qarshi kurashish o‘rniga aksincha ularga katta miqdorda qurol, transport, qo‘shimcha vositalar jo‘natyapti. Albatta, NATOga a’zo bir davlatda bunday yondashuvlar bor ekan, biz ham butun dunyoga buni bildirishimiz kerak”, – dedi Turkiya rahbari 24-sentabr kuni Istanbulda juma namozidan keyin jurnalistlar bilan uchrashuvda.
Erdog‘anning AQSh borasida keyingi kunlardagi bayonotlari ham tanqidiy tusda edi. U “CBS News” telekanaliga bergan intervyusida Rossiyadan yana S-400 havo mudofaa tizimi sotib olinishini ma’lum qildi.
Vashington ushbu tizimni F-35 harbiy samolyotlari va NATO mudofaa tizimiga tahdid deb biladi. Anqara esa NATO bo‘yicha ittifoqdoshlarining hech biridan qoniqarli havo mudofaa tizimi ololmaganini aytmoqda.
Aynan S-400 tufayli AQSh o‘tgan yilning dekabrida Turkiyaning Mudofaa sanoati boshqarmasiga sanksiyalar joriy etgan. Turkiya Rossiyadan S-400 tizimini olgani sababli F-35 dasturidan chiqarib yuborilgan.
“Bundan keyin ham hech kim bizning mudofaa tizimlari masalasida qaysi davlatdan qancha narsa olishimizga aralasha olmaydı. Bu haqda qaror qabul qiladigan bizmiz. Hozir 84 million aholiga ega Turkiya o‘zining mudofaa masalasidagi qat’iyatini ko‘rsatadi. Bu qaroriga hech kim aralasha olmaydı”, – dedi Erdog‘an intervyu davomida.
29-sentabr kuni Sochida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashgan Rajab Toyyib Erdog‘an AQShning Suriyadagi qurolli kurd guruhlariga qo‘llovidan noroziligni yana bir bor ta’kidlab, AQSh Afg‘onistonda bo‘lgani singari ertami-kechmi Suriyadan ham chiqib ketishi va u yerni suriyaliklarga qoldirishi zarurligini aytdi.
U 30-oktabr kuni Rimda bo‘lib o‘tadigan G-20 sammitida amerikalik hamkasbi Jo Bayden bilan uchrashishini ma’lum qildi.
“Bryusselda ko‘rishgan edik, Rimda ham ko‘rishamiz, balki shu haqda ham gaplashamiz, – dedi u. – AQShning Suriya borasida yondashuvi qanday bo‘ladi? O‘zaro harbiy, siyosiy, iqtisodiy, savdo, barcha munosabatlarni ko‘rib chiqamiz. Masalan, F-35 masalasi nima bo‘ladi? 1 millard 400 million dollar to‘lov qilganmiz. Bularning oqibatini bilishimiz kerak. Biz qo‘lidagi katta miqdordagi pulini atrofga sochadigan mamlakat emasmiz. Bu pullarni oson topayotganimiz yo‘q. Yo samolyotlarimizni berishadi, yoki pullarimizni”.
Vashington agar Turkiya Rossiyadan yana S-400 tizimini sotib oladigan bo‘lsa, qo‘shimcha sanksiyalarga uchrashi mumkinligidan ogohlantiryapti. Turkiyaning Karabuk universiteti tadqiqotchisi Fazliddin Madiyev esa jazo choralari qat’iy bo‘lmaydi degan fikrda.
“Chunki Turkiya yuzini butkul Rossiyaga o‘girishini AQSh xohlamaydi, zero, Erdog‘anning boshqaruv uslubi tobora Putinning boshqaruv uslubiga o‘xshab bormoqda. Anqara va Vashington o‘rtasidagi aloqalarning buzilishidan birinchi navbatda, albatta, Moskva xursand bo‘ladi, – deya izohlaydi u. – Aslida Turkiya-Amerika munosabatlarida bunday past-balandliklar har doim bo‘lgan. Masalan, marhum bosh vazir Najmiddin Erbakan davrini eslaylik. U Turkiyaning texnika va texnologiya borasida AQShga tobeligini kamaytirishni, umuman Turkiyaning AQSh ta’sir doirasidan chiqishini istagan. Hozirgi prezident Erdog‘an esa Erbakanning shogirdi hisoblanadi, uning g‘oyalarini, ishlarini davom ettiryapti. Turkiya-AQSh munosabatlaridagi kuchli ziddiyatlarning boshlang‘ich nuqtasi Erbakan davriga borib taqaladi deyish mumkin”.
Biz qo‘lidagi katta miqdordagi pulini atrofga sochadigan mamlakat emasmiz. Bu pullarni oson topayotganimiz yo‘q. Yo samolyotlarimizni berishadi, yoki pullarimizni”
Tadqiqotchi Madiyevga ko‘ra, S-400 tizimi Anqaraning qo‘lidagi ta’sir ko‘rsatish vositasi hamdir va bu tizimni sotib olish orqali muhim masalalarda Vashintongning so‘zlariga quloq solavermasligini ko‘rsatmoqchi bo‘ldi.
Fazliddin Madiyev amerikalik bir guruh senatorlarning Prezident Jo Baydenga maktub yo‘llab, Turkiyada kurdparast Xalq demokratik partiyasini yopishga harakatlar uchun Erdog‘anni aybdor deb topish haqidagi chaqirig‘ini Turkiyaning ichki ishlariga aralashish deb baholadi.
“Albatta, bu ham Turkiya rahbariyatiga ta’sir ko‘rsatish usullaridan biri, – deydi u. – Masalan, O‘zbekistonda Xidirnazar Olloqulov partiya tuzmoqchi bo‘lganida amerikalik senatorlardan kimdir Baydenga xat yozdimi? Yo‘q. Chunki bundan foyda yo‘q”.
Facebook Forum