O‘z vaqtida AQSh tashqi ishlar vazirining sovet xalqlari bo‘yicha maxsus maslahatchisi bo‘lgan hamda Markaziy Razvedka Boshqarmasida (MRB) ishlagan Rossiya va Yevrosiyo mutaxassisi Pol Gobl kelgusi yillarda Turkiyaning Qora dengizdagi roli ortishini va “Kanal Istanbul” tufayi Montryo konvensiyasiga ba’zi o‘zgartirishlar kiritilishi mumkinligini aytmoqda.
Goblga ko‘ra, uzoq muddatli istiqbolda robot-samolyotlarning ishlab chiqarilishi bilan Injirlik harbiy bazasining kelajagi borasida biror nima deyish mushkul, biroq AQSh kamida besh yil ichida bu bazadan voz kechmaydi.
Turkiya va AQSh o‘rtasida qachon biror keskinlik kelib chiqsa, kun tartibiga keladigan masalalardan biri Inijirlik harbiy bazasining kelajagi bo‘ladi. S-400 inqirozi davomida tez-tez tilga olingan bu masala AQSh Prezidenti Jo Baydenning 1915-yildagi hodisalarni “genotsid” deya e’tirof etishi ortidan yana yodga tushdi: Turkiya AQShdan o‘ch olish maqsasida Injirlikni yopishi mumkinligi aytilmoqda.
S-400 inqirozi Turkiya G‘arbga ters o‘girildi degan xavotirlarga sabab bo‘lar ekan, ba’zi doiralarda vaqti-vaqti bilan Turkiyaning NATOdagi o‘rni haqida savol berishgacha borgan tanqidlar yangradi.
Pol Gobl ana shu holatlarni e’tiborga olgan holda ham Injirlik, ham mintaqaviy darajada Turkiya-AQSh munosabatlarining turli jihatlari to‘g‘risidagi fiklarini “Amerika Ovozi” bilan o‘rtoqlashdi.
Baydenning “genotsid” haqidagi bayonoti Turkiyada boshqacha izohlandi
“Turkiyada ko‘pchilik Prezident Baydenning bayonotini Amerika rahbariyatiga yoqmagan narsalar tufayli Turkiyaga jazo berishga urinish deb tushundi. Men chindan ham shunday bo‘lgan deb mutlaqo o‘ylamayman. Menimcha, Bayden o‘zi va avvalgi prezident o‘rtasida aniq chegara qo‘yish fikrida har qaysi prezidentdan ko‘ra qat’iyroq. Janob Bayden saylovoldi kampaniyasi chog‘ida bergan va’dalarini bajarishni eng dastlabki mas’uliyatlaridan ekanligini aniq-tiniq bayon qildi. Menimcha, janob Bayden buni, AQSh va turk hukumati o‘rtasida kelishmovchiliklar bo‘lsa-da, Turkiyaga qarshi g‘azabdan ko‘ra, saylovoldi kampaniyasidagi va’dasini bajarish uchun qildi”, - deydi Gobl.
U turk xalqi va Turkiya hukumatining buni tushunishi muhim ekanligini aytar ekan, shunday deydi:
“Zero, 1915-yil – Turkiyada respublika e’lon qilingandan avvalgi sana, Bayden ma’muriyatining bu masalada xalqaro sudlov o‘tkazilishi yoki tovon to‘lanishini qo‘llab-quvvatlashi borasida hech qanday ishora yo‘q. Prezident Bayden saylovda bellashar ekan, bir va’da bergan edi va bu va’dani bajardi. Turkiyadagilar buni qanchalik barvaqt tushunib yetsa, shunchalik yaxshi bo‘ladi”.
Turkiya Injirlikni yopmaydi, AQSh esa yaqin kelajakda Injirlikdan voz kechmaydi
Pol Goblga ko’ra, Turkiyaning Injirlik harbiy bazasini amerikaliklar va NATO davlatlariga yopishi kutilmayapti. Uning fikricha, mazkur baza Turkiyaning qo‘lidagi “kuchli kozir” hisoblanadi, qachon Anqaraga yoqmaydigan biror hodisa yuz bersa, Injirlik haqida so‘z ochiladi.
Ayni paytda NATO Turkiya uchun Injirlik bazasining yopilishiga imkon bermaydigan darajada muhimdir.
Gobl kamida kelgusi besh yil ichida AQSh ham Injirlikdan voz kechmaydi degan fikrda.
“Tajriba shuni ko‘rsatyaptiki, Injirlik faqatgani NATOning sharqiy qanotini himoya qilish nuqtai nazaridan emas, G‘arb kuchining Yaqin Sharqda aks etishi nuqtai nazaridan ham muhim baza hisoblanadi. Yigirma yil keyin nimalar bo‘lishini taxmin qilish juda qiyin. Havo kuchlarimizning roli nima bo‘lishini, uchuvchili va uchuvchisiz uchish apparatlari o‘rtasidagi muvozanat qanday bo‘lishini bilmaymiz. Janubiy Kavkazdagi urushning natijasini o‘zgartirgan robot samolyotlarning rivojlanishi – buni amalga oshirgan Turkiyada ishlab chiqarilgan dronlar edi – uchuvchili uchish apparatlari kelgusida hozirgidan ozroq ahamiyatga ega bo‘ladi, degan ma’noni bildirishi mumkin. Bunday holatda uchuvchisiz uchish apparatlari tufayli mavjud bir bazaning ahamiyati ham o‘zgarishi mumkin”, - deydi u.
Ekspert buning kelgusi bech yil ichida bo‘lishini kutmayotganini aytar ekan, shunday deydi:
“Menimcha, bu uzoq muddatli istiqbolda bo‘ladigan narsa. Ayni paytda shunga ishonyapmanki, xuddi Turkiyaning Ozarbayjonda harbiy baza ochishi kutilayotganidek, amerikaliklar ham mintaqaning boshqa joylarida harbiy baza ochishga urinishi mumkin. Jumladan, Markaziy Osiyodagi bir yoki bir nechta davlatda”.
Markaziy Osiyoda harbiy baza ochishga urinishlar
“Nyu-York Tayms” gazetasi Amerika Afg‘onistondagi askarlarini olib chiqqanidan keyin u yerdagi razvedka kanallari kuchli ishlab turishini ta’minlash hamda kerak bo‘lganida aralashuvni amalga oshirish uchun Qozog‘iston, O‘zbekiston va Tojikistonda harbiy bazalar ochish maqsadida mazkur mamlakatlar bilan muzokaralar olib borilayotgani haqida xabar tarqatdi.
Gobl nazarida bu bazalar Injirlikka muqobil bo‘lmaydi, balki bu Amerikaning butun imkoniyatlarni bir joyga yig‘ishni istamasligi bilan bog‘liq.
Gobl 11-sentabr voqealardain keyingi davrda AQShning Qirg‘izistonda bir aviabazasi bo‘lganini, biroq keyinchalik uni boy berganini eslatar ekan, shunday deydi:
“Hozir Vashington qisqa muddatli istiqbolda barcha imkoniyatlarni bir joyga yig‘ish istagida emas. Albatta, Vashington ko‘proq bazaga ega bo‘lishni istaydi, shu tariqa bir davlatdagi bazaga xavf tug‘ilsa yoki bu bazani boy beradigan bo‘lsa, bu holat Amerikaning strategik xavfsizligiga katta ta’sir ko‘rsatmaydi. Taxminimcha, Vashington Markaziy Osiyodagi biror bazani necha yillardan beri NATO mavjud bo‘lib kelayotgan Injirlikka doimiy muqobil sifatida ko‘rmaydi, balki uni to‘ldiruvchi rolida ko‘radi. Qolaversa, bu holat Vashington nazarida Injirlikning ahamiyatini kamaytirmaydi, biroq Injirlikni yopish tahdidi Amerikaning mintaqadagi yagona bazasi pozitsiyasi singari kuchli bo‘lmaydi”.
Turkiya AQSh uchun ulkan ahamiyatga ega mamlakat
Vashington Injirlik bazasiga muqobil sifatida Krit orolini ko‘rib chiqayotgani haqidagi gap-so‘zlar o‘tgan yili AQSh matbuotida paydo bo‘lgan edi. O‘sha paytdagi prezident Donald Tramp ma’muriyati vakillari bu xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ma’lum qilgan.
Gobl ham Krit Injirlikning o‘rini egallashi mumkinligi va Gretsiyaning NATO ichida Turkiyaning rolini o‘z zimmasiga olishi mumkinligi haqidagi fikrni rad etadi.
“Xaritaga yoki NATOning tarixiga qaragan kishi Gretsiyaning kun kelib Turkiyaning o‘rnini egallashi mumkinligini aytmaydi”, – deydi u.
Ekspertga ko‘ra, Turkiya tobora ixtiloflar maydoniga aylanib borayotgan bo‘g‘ozlar va Qora dengiz tufayli muhim geografik joylashuvga ega.
“AQSh uchun ulkan ahamiyatga ega mamlakat. Bu esa Gretsiya AQSh uchun muhim emas degan ma’noni bildirmaydi, biroq AQShda kimningdir “Turkiyani yo‘qotsak, muammo emas, har doim Gretsiyaga egamiz”, degan gapni aytishiga ishonmayman. Turkiya AQShning muhim ittifoqdoshi, NATOning muhim a’zosi, bu uzoq vaqt davom etadi deb o‘ylayman. Bu oramizda turli nuqtai nazarlar va ziddiyatlar bo‘lmaydi degan ma’noni bildirmaydi. Bular albatta bo‘ladi, ayniqsa davlatlarning nisbiy kuchidagi o‘zgarishlar bo‘lgani sari bu holat tarangliklarni keltirib chiqarishi mumkin. Turkiya – ochiq-oydin rivojlanib borayotgan mintaqaviy kuch. Kimningdir Turkiyani Gretsiya bilan almashtirishni o‘ylashi uchun biror sabab bor deb o‘ylamayman”, - deydi suhbatdosh.
Turkiya Markaziy Osiyodagi ta’siri masalasini AQSh bilan muzokaralarda ko‘tarishi zarur
“Nyu-York Tayms” xabarida aytilishicha, Markaziy Osiyo respublikalarida baza ochishni rejalashtirgan AQSh Afg‘onistondan chiqib ketganidan keyin bu mamlakat bilan madaniy va tarixiy rishtalarga ega Turkiya AQSh va NATOga razvedka yordamini ko‘rsatishi mumkin.
Goblga ko‘ra, bu jarayonda Turkiya razvedka yordamidan ko‘prog‘ini ham bera oladi. Anqaraning Markaziy Osiyo va Rossiyaning ba’zi hududlarigacha cho‘zilgan turk jo‘g‘rofiyasidagi ta’sirini kengaytirishga qiziqishi strategik ahamiyatga ega, deydi u, hamda Turkiya bu masalani AQSh bilan muzokaralarda ko‘tarishi va undan foydalanishi kerak.
“Nazarimda, bu faqatgina razvedka masalasi emas, ayni paytda nufuz masalasi hamdir. Turkiya bu mamlakatlarning bir qanchasida asosiy aktyor hisoblanadi. Turkiya va AQSh mushtarak strategik maqsadlar borasida qanchalik kelishib olsa, nafaqat Turkiyaning, balki Vashingtonning ham bu davlatlarga ta’siri shunchalik ortadi. Yodingizda bo‘lsa, Vashington ilgari Afg'onistondagi kuchlarini ta’minlash uchun Markaziy Osiyodagi aeroportlardan foydalangan holda “shimoliy ta’minot yo‘li" deb nomlangan tizimni yaratgan edi. Bir qarashda, bu yangi rejalar ham o‘sha tizimning ustida tuzilyapti. Turkiya uni rivojlantirishda qatnashgan edi, yana qatnashishiga ishonaman. Qanchalar muhim bo‘lsa-da, bu faqatgina razvedka ma’lumotlari bilan ta’minlash masalasi emas. Bu ta’sir va hamkorlikni ko‘rsatishga aloqador masala. Ishonchim komikli, agar Turkiya bilan hamkorlik ko‘rinishi paydo bo‘lsa, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston yoki Turkimanistondagi hukumatlar uchun amerikaliklar bilan hamkorlik qilishi osonroq bo‘ladi. Menimcha, Turkiya hukumati buni bilishi zarur, Amerika hukumati qat’iyan biladi, shunday ekan, menimcha, bu hamkorlik uchun katta maydon”.
Turkiyaning Qora dengizdagi roli ortadi, “Kanal Istanbul” tufayli Montryo konvensiyasi qayta ko‘rib chiqilishi mumkin
Gobl Turkiyaning Qora dengizdagi roli ham kelgusida yanada ortadi degan fikrda. Unga ko‘ra, “Kanal Istanbul” sabab Montryo konvensiyasi qayta ko‘rib chiqilishi mumkin.
Ekspert “Kanal Istanbul” loyihasi amalga oshirilganidan keyin kelgusi bir necha yil ichida Montryo konvensiyasining to‘liq amal qilishi hatto to‘xtashi mumkinligi haqida fikr bildirar ekan, shunday deydi:
“Chunki Anqara Montryo konvenisyasi kanal uchun tatbiq etilmasligini ochiq-ravshan aytdi. Agar kanal uchun tatbiq etilmasa, u holda hozirgi ahamiyati davom etadi deb bo‘lmaydi. Shunday ekan, bu holat Rossiyaning Azov dengizini rus ko‘liga aylantirishga hamda o‘z kuchini Qora dengizning janubrog‘i va g‘arbiga yoyishga harakat qilishi e’tiborga olinsa, Turkiyaning Qora dengiz mintaqasidagi ahamiyatini orttiradi”.
Kuchlar muvozanatidagi o‘zgarish keskinliklarni keltirib chiqaradi
Turkiya va AQShning nisbiy kuch pozitsiyalari o‘zgarayotgani haqida Gobl shunday deydi:
“Dunyoning bu qismida Turkiya juda muhim, AQSh esa nisbatan kamroq ahamiyatli holatga kelyapti. Bu AQShning regressiv kuch ekanligini bildirmaydi, balki bu yerda AQShning 25 yil yoki undan oldinroq bo‘lganidek kuch ustunligiga ega emasligini bildiradi. Muvozanatning o‘zgarishi moslashish jarayonini ham keltirib chiqaradi. Turkiya muzokaralarda avvalgidan ko‘ra ko‘proq so‘zini o‘tkazishni istaydi. Amerikaliklar bu holatini hal etishni bilishlari zarur. Kuch munosabatalarida biror o‘zgarish bo‘lganida, har ikki tomon bir-birlaridan kutgan va amalga oshishi kerak bo‘lgan o‘zgarishlar bilan ovora bo‘lgani tufayli tarangliklar kelib chiqadi”.
S-400 xaridi Turkiyaning yo‘nalishini o‘zgartirganini bildirmaydi
Turkiya va AQSh orasidagi S-400 inqirozi bilan bog‘liq savolga javob qaytargan Gobl NATOga a’zo davlat har doim alyansning tizimlariga mos texnikalardan foydalanishi mumkinligi haqida siyosat mavjudligini, biroq turli davlatlarning qaysi texnikalarni olishlari mumkinligi yoki olmasliklari borasida boshqa davlatlarga ba’zi cheklovlar qo‘yganini qayd etadi.
Ekspertga ko‘ra, Turkiya muayyan sektorda qurol xaridi masalasida Vashingtonning siyosati tufayli AQShdan sotib ololmadi, shu sababli Rossiyaga murojaat qildi. Bu Turkiyaning o‘z yo‘nalishini o‘zgartirganini anglatmaydi.
AQSh Turkiyani boshqa turdagi qurollar bilan ta’minlashi mumkin
Pol Goblga ko’ra, bundan keyingi jarayonda ikki variant bo‘lishi mumkin: birinchisi, Amerikaning bu qurollarni sotish bo‘yicha pozitsiyasiga ba’zi o‘zgarishlar kiritishi, ikkinchisi, AQShning Turkiyani u istagan boshqa turdagi qurollar bilan ta’minlashi.
Ekspertga ko‘ra, ikkinchi variantning amalga oshish ehtimoli katta.
“Qo‘shma Shtatlar uchun Patriot raketalarini sotish bo‘yicha cheklovlardan qaytish siyosiy jihatdan mumkin emasdir, ammo Turkiyani xohlagan boshqa har qanday qurol bilan ta’minlashi mumkin. Turkiya armiyasining tobora kengayib borishi, xilma-xilligi va funksionalligi oshgani sayin, Turkiya juda xohlagan Amerika harbiy texnikalari uchun ko‘proq imkoniyatlar yaratilishi mumkin. Garchi bu imkoniyat mojaroni rasman tugatmasa ham, Turkiyaga ohangini yumshatish uchun taqdim etilishi mumkin”, - deydi u.
Turkiyaning Rossiya bilan ziddiyatli masalalari hamkorlik sohalaridan ancha ko‘proq
Goblning so‘zlariga ko‘ra, Turkiya Rossiya bilan bir qancha sohalarda hamkorlik qilsa-da, o‘rtada ziddiyatli masalalar ancha ko‘proq.
Ozarbayjon-Armaniston mojarosi va Eron kabi ko‘plab masalalarda Turkiyaning pozitsiyasi aksariyat NATO a’zolari pozitsiyasi bilan bir xil ekanligini ta’kidlagan Gobl mamlakatlarning asosiy geosiyosiy manfaatlari ularning joylashuvi va qadriyatlari bilan shakllanishini, Turkiyaning joylashuvi va qadriyatlari Anqaraning oxirgi 50 yildan beri G‘arbning bir parchasi bo‘lib qolishini ta’minlaganini ta’kidlaydi.
Mutaxassisning aytshicha, Prezident Baydenning Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan muloqoti Amerikaning o‘z yo‘nalishini o‘zgartirganligini anglatmaydi.
Shuningdek, Turkiya prezidentining Kreml bilan muloqoti ham Turkiyaning yo‘nalishi o‘zgarganligini anglatmaydi.
Facebook Forum