Nobel sohibi Bleyr va Bushni sudga berish kerak, deydi

  • Amerika Ovozi

Arxiyepiskop Dezmond Tutu, janubiy afrikalik faol, Tinchlik uchun Nobel mukofoti sohibi

Janubiy afrikalik taniqli diniy arbob Dezmond Tutuning aytishicha, AQSh sobiq prezidenti Jorj Bush va Britaniya sobiq bosh vaziri Toni Bleyr yolg’on sabablar asosida Iroqda urush boshlagani uchun sud qilinishi kerak.

Arxiyepiskop Tutuning Britaniyada chiqadigan “Observer” gazetasiga bildirishicha, bu ikki arbob siyosati va qarorlari bugungi tahdidlarga yetaklagan.

“Iroqda ommaviy qirg’in qurollarining borligi haqidagi yolg’onga asoslangan urush butun dunyoni beqarorlashtirib, qutblashtirdi. Tarixdagi hech bir mojaroning oqibati bunday bo’lmagan”, - deydi Dezmond Tutu.

Tinchlik uchun Nobel mukofoti laureatining aytishicha, G’arb siyosatchilariga nisbatan ham Afrika va Osiyoda qo’li qonga botgan rahbarlarga bo’lgani kabi ayni yondashuvni qo’llash kerak.

“Iroqdagi mojaro va undan so’ng qurbon bo’lgan odamlar soni Bleyr va Bushni xalqaro sudga berish uchun yetarlicha asos bo’la oladi”, - deydi u.

Afrika va Osiyoda minglab odamlarning o’limiga sababchi bo’lgan rahbarlar Gaagada sud qilinadiyu, nega boshqalar bundan mustasno, deya so’raydi arxiyepiskop Tutu.

Uning ta’kidlashicha, yolg’on ayon bo’lganda ham Bleyr va Bush buni na tan olgan, na kechirim so’ragan.

Tutuning aytishicha, yaxshi rahbar yuqori ahloqqa ega bo’lishi lozim.

"Bush va Bleyr Saddam Husayn darajasigacha tushmasligi kerak edi", - deydi u.

Qo'shma Shtatlar Xalqaro jinoiy sudga a'zo emas va uni tan olmaydi. Gaagada joylashgan sud so'nggi 10 yilda, asosan, Afrikadagi rahbarlarga qarshi ish ochgan.