Poroshenko Rossiya bilan muzokaraga shay

  • Amerika Ovozi

Ukrainada yakshanba kungi prezident saylovlarida g’alaba qozongan Petro Poroshenko kelasi oy Rossiya rahbariyati bilan muzokara o’tkazmoqchi. Sharqda barqarorlikni tiklash uchun Moskvaning yordami zarur, deydi u.

Yangi rahbar Petro Poroshenko Rossiya bilan gaplashishga tayyor ekanini aytar ekan, Donetskdagi aeroportni bo'lginchilar egallab olgan.
Ukraina yangi prezidenti deya ko’rilayotgan Petro Poroshenko kelasi oy Rossiya rahbariyati bilan ko’rishish umidida.

Sharqiy viloyatlarda tinchlikni tiklash uchun Moskvaning yordami zarur bo’ladi, deydi tadbirkor milliarder.

Yakshanba kuni o'tgan saylovda ovozlarning 54 foizdan oshig'i Poroshenko uchun berilgan. Sobiq bosh vazira Yuliya Timoshenko 13 foiz ovoz olgan.

Kiyevda jurnalistlar bilan gaplashgan yangi rahbar qurolini tashlagan separatistlar bilan murosaga rozi. Lekin davlat tinchiga tahdid solib, aholiga ozor bergan terroristlar bilan gaplashmoqchi emas.

Poroshenko Qrimni Ukrainaga qaytarish uchun hamma qonuniy choralarni ishga solishga tayyor. Yarim orol mart oyida Rossiyaga qo’shib olingan edi.

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov deydiki, Kreml Ukraina xalqining qarorini tan oladi. Moskva Petro Poroshenko bilan dialogga shay. Lekin Ukrainaning yangi rahbari bilan muloqotda o’rtakashlarning keragi yo’q, deydi Lavrov.

Rossiya Ukraina sharqida bo’lginchilarga qarshi harbiy amaliyotlarni zudlik bilan tugatishga chaqirmoqda. Rossiya mojaroga tinch yechim topish tarafdori, deydi vazir.

Ukraina hukumati kecha Donetsk shahrida aeroportni egallab olgan ayirmachilarga qarshi havo hujumini amalga oshirdi. Hududga askarlar ham safarbar etilgan. Guvohlar otishma va portlashlar quloqqa chalinganini aytadi.

Ukraina Ichki ishlar vaziri Arsen Avakovning aytishicha, hozir aeroport hukumat nazoratida. O’nlab ayirmachilar halok bo’lgan, armiya safida talofatlar yo’q, deydi vazir. Donetskda hali ham olishuvlar davom etayotgani ma’lum.

Bo’lginchilar sharqda saylovlar o’tishiga to’sqinlik qilgan. Donetsk shahrida biror saylov uchastkasi ishlamagan. Butun viloyatda faqat 16 foiz odam ovoz bergani ma’lum.

Prezident Barak Obama Ukraina xalqini provokatsiya va zo’ravonlikka qaramasdan ovoz berish huquqidan foydalangani uchun olqishlamoqda. Bu davlat prezidenti va parlamenti bilan hamkorlikka tayyormiz, deydi Obama.