Zelenskiy: Ukraina energetika infratuzilmasining 30 foizi vayron bo'lgan

  • Amerika Ovozi

Kiyevdagi issiqlik elektrostansiyasida yong'in, 18-oktabr, 2922-yil

Bugun Rossiya qurolli kuchlari Ukrainada energetika infratuzilmasini yana nishonga oldi. Ayrim xabarlarga ko’ra, bu safar kattaroq quvvatga ega issiqlik elektrostansiyalariga zarba berilgan.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 18-oktabr, 2022-yil

Rossiya bu maqsadda qanotli raketalar va Erondan olingani aytilayotgan dronlarni ishga solmoqda.

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning aytishicha, rus hujumlari oqibatida Ukrainada elektrostansiyalarning 30 foizi ishdan chiqarilgan, ayrim hududlarda, jumladan shimoldagi Jitomir shahrida suv va chiroq umuman yo’q.

Bugun poytaxt Kiyev ham yangi zarbalarga uchragan. Salkam bir million odam yashovchi janubi-sharqdagi Dnepr, sharqdagi Xarkov, janubdagi Nikolayev shaharlari nishonga olingan.

Havo harorati kun-sayin tushar ekan, suv va elektr quvvatisiz Ukraina qish mavsumida katta qiyinchiliklarga yuz tutishi kutilmoqda.

Oddiy xalq o’tin yig’ish bilan ovora.

"Havo juda sovuq. Kvartirada kiyimda uxlayman”, - deydi xarkovliklardan biri.

Ukraina Eronni Rossiyani dronlar bilan ta’minlayotganlikda ayblarkan, Tashqi ishlar vaziri Dmitro Kuleba Prezident Zelenskiyga Tehron bilan diplomatik aloqalarni uzishni tavsiya qilmoqda.

Eron hukumati Rossiyani qurol bilan ta’minlayotganini bir necha bor inkor etgan. Kiyev Isroil bilan gaplashib, undan havo mudofaasini ta’minashda yordam so’ramoqchi. Biroq matbuotdagi xabarlarga qaraganda Isroil mudofaa vaziri bugun ukrainalik hamkasbidan tushgan qo’ng’iroqqa javob bermagan. Isroil Ukrainaga qurol uzatgudek bo’lsa, Rossiya yahudiy davlati bilan aloqalar yomonlashishi haqida ogohlantirgan.

Falastin yerlarini bosib olgan Isroil Rossiyaning Ukrainaga qarshi bosqinini qoralasa-da, Rossiya bilan Suriyada hamkorlikni davom ettirishga umid qilayotgan yahudiy davlati Kiyevga qurol berishdan bosh tortyapti.

Eron Rossiyaga, shuningdek, ballistik raketalar ham sotmoqchi. Eron birinchi vitse-prezidenti Muhammad Muxbir rahbarligida 6-oktabr kuni Moskvaga safar qilgan delegatsiya shunga kelishgan.

Ukrainani urush boshidan beri qurol bilan ta’minlab kelayotgan AQSh va Yevropa Tehronning Rossiya bilan harbiy hamkorligidan g’azabda va yillar davomida sanksiyalar ostida yashab kelayotgan Tehronga qo’shimcha sanksiya qo’ymoqchi.

Dushanba kuni kiyevliklar Eron elchixonasi oldida norozilik aksiyasini uyushtirdi.

AQShga ko’ra, Eron qurol savdosi BMT Xavfsizlik Kengashi sanksiyasiga ziddir.

Tehron Rossiyaga dron sotmaganini aytmoqda, Kreml dron Rossiyaniki ekanini ta’kidlayapti.

“Eron yolg’on so’zlayapti”, deydi AQSh Davlat departamenti so’zlovchisi Vedant Patel.

“Rossiya Eron bilan ittifoqni kuchaytiryapti. Bu butun dunyo uchun, ayniqsa mintaqadagi mamlakatlar uchun tahdid deya ko’rilishi kerak”, - deydi u.