Ukraina NATOdan harbiy yordam kutmoqda

Fransiya rahbari Fransua Olland, Ukraina prezidenti Petro Poroshenko va AQSh prezidenti Barak Obama muloqotda, Nyuport, Uels, 4-sentabr, 2014

Ukraina prezidenti Petro Poroshenko parlament bilan maslahatlashgan. Xalq esa NATO Rossiyaga qarshi keskin choralar ko’radi degan umidda.

Your browser doesn’t support HTML5

Ukraina-Rossiya-Urush-NATO-Malik Mansur

Rada o’zining yopiq majlisida armiya hisobotini tingladi. Donbassdagi vaziyat, Rossiyaga qarshi mudofaa choralari muhokama qilindi. Parlament binosini namoyishchilar qurshab olgan.

Ular ko’tarayotgan talablar turlicha. Biri shuki, aksilterror amaliyotiga jalb qilingan harbiy batalyonlar yaxshi ta’minlansin. Mamalakatda harbiy holat e’lon qilinib, siyosiy islohotlar tezlashtirilsin.

“Urushda jang qilayotgan qismlar zarur texnikasiz qanday qilib Rossiya agressiyasiga qarshi turishi mumkin?”, - deya ajablanadi namoyishchilardan biri.

Rada oldidagi aksiya keyinroq prezident idorasi oldiga ko’chdi. Ma’muriyat vakili namoyishchilarga harbiy amaliyotlarga doir vaziyat, Poroshenko va Putin orasidagi muzokaralar haqida ma’lumot berdi.

Omma Putinga ishonmaslik kerak degan fikrda. Poroshenko uning oldida bo’shlik qilishi mumkin, Ukraina manfaatlarini boy berishi mumkin degan qarashlar kuchli.

“Bu muzokaralarda uchinchi tomon ham ishtirok etishi zarur, Ukraina hududiy yaxlitligi kafolatlanishi kerak. Muzokarada Putin hal qiluvchi shaxs sifatida gavdalanmasin”, - deydi namoyishchilardan biri.

Aholi NATO sammitidan konkret yordam kutmoqda. Ayrimlar Ukraina NATOga tezroq kirsin desa, boshqalar NATO Ukrainani harbiy texnika bilan quvvatlasin deydi.

“Ukraina NATOga a’zo bo’lishi kerak, unga maqom berilishi kerak. Shundagina mamlakatning mudofaa qudrati shakllanadi, Yevropa xavfsizligining ajralmas bir qismiga aylanadi”, - deydi ukrainlardan biri.

Ukrainalik siyosatshunos Xakani Guseynovga ko’ra, NATO o’z sammitida Rossiya tahdidining oldini olishga qaratilgan keskin choralar ko’rilmas ekan, bu inson huquqlari va demokratiyga asoslangan qadriyatlarga ko’z yumish bo’ladi.

“Bizga harbiy hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan umumiy bayonotlar emas, balki mana harbiy texnika degan aniq yordam kerak. Ukraina xalqi butun dunyoga o’z mustaqilligi, vatani daxlsizligi uchun kurasha olishini ko’rsatdi. Rossiya o’z harakati bilan barcha xalqaro me’yorlarni, qonunchilikni buzmoqda. Bu xalqaro hamjamiyat tomonidan jazosiz qolmasin”, - deydi Guseynov.

Ukraina Xavfsizlik va mudofaa kengashi berayotgan ma’lumotlarga ko’ra, Donbassda armiya pozitsiyalari Rossiya hududidan o’qqa tutila boshlangan.

Rada oldida, Kiyev, 4-sentabr, 2014

Ukrainlar NATO konkret yordam ko'rsatadi degan umidda, Rada oldida, Kiyev, 4-sentabr, 2014

Rada oldida, Kiyev, 4-sentabr, 2014

Rada oldida, Kiyev, 4-sentabr, 2014