Birlashgan Millatlar Tashkilotiga ko’ra, Ukrainada urush tufayli 5 milliondan ortiq aholi oʻz uy-joyini tashlab ketgan, ularning aksariyati keksalar. Amerikaning “Ukrainaga mehr bilan” xayriya tashkiloti yordamida ularning ayrimlari yangi uylar bilan ta’minlangan.
63 yoshli Tatyana Galka va uning 85 yoshli onasi Liliyaning bu xonadonga ko’chganiga ikki oy bo’ldi.
“Uyimiz ikki xonali. Bittasi onamniki. Barcha qulayliklar ichida, hatto televizor ham bor! Mening xonamda televizor yo'q, lekin ikki kishilik yotog’i bor. Uyni kalitini olganimda ko’rib hayratlanganman va yig'lab yuborgandim”, - deya eslaydi Baxmutdan ko’chirilgan Galka.
Galka yashaydigan xonadon Kiyev viloyatida, "Mo'jizaviy qishloq" deb nomlangan maxsus aholi punktida joylashgan. Uni ko'chirilgan keksalar uchun filantrop Dell Loy Xansen moliyalashtirgan va Amerikaning "Ukrainaga mehr bilan" xayriya tashkiloti qurgan. Ijarasi tekin.
“Ijarachilarning har biri bilan bepul ijara shartnomasi tuzamiz. Istagan kishi anketani onlayn to'ldirishi mumkin. Uni maxsus komissiya ko’rib chiqib, loyiqlarini tanlab oladi”, - deya tushuntiradi “Ukrainaga mehr bilan” xayriya tashkiloti Ukraina bo’limi direktori Tatyana Ryabovolova.
"Mo'jizaviy qishloq"da 130 kishiga mo’ljallab 107 uy-joy qurilgan.
“Kelajakda qishloqning o’z klubi, shifoxonasi, bepul stomatolog va sartaroshxonasi ham bo’ladi. Odamlarni qo’shni shaharga eltuvchi bepul avtobus ham bor. Har bir uy o’z ayvoni va gulzoriga ega”, - deydi Ryabovalova.
Lyubov va Anatoliy Bondar bog'da ishlash uchun allaqachon chopiq anjomlarini sotib olishgan. Ularning Baxmutdagi uyida tesha va ketmonlari bor edi, lekin hovli urush oqibatida vayron bo'lgan.
“15 so’tix yeri bor hovlimda dehqonchilik qilardim. Hamma narsamiz bor edi. Avvalida biz hech qayerga ketishni istamagamiz, lekin bog'imizga kassetali bomba tushgach qo’rqib qoldik. Qanday qilib omon qoldik, hayronman”, - deydi Donetsk viloyati Baxmut shahridan ko’chirilgan Anatoliy Bondar.
Tatyana va uning onasi bombalardan yashirinadigan joy qolmagach Baxmutdan qochishga qaror qilishgan.
“Uyimiz to’g’ridan-to’g’ri nishonga olindi. Shahardan qocharkanmiz, endi o’z uyimga qaytomasligimni o’ylab yo'l bo'yi yig'laganman”, - deydi ayol.
Hozirda “Mo’jizaviy qishloq”da barcha xonadonlar, asosan, Donbass va Ukraina janubidan yangi ko’chib kelganlar bilan to’lgan.
Fayzli va xavfsiz hovli-joylarda yashayotgan bo’lsa-da, bu odamlarning qalbida hamon Rossiya raketalari bu joylarni ham vayron etadi degan qo’rquv kuchli.
AQSh tashkiloti Kiyevda keksalarni bepul uy-joy bilan ta'minlaydi
Your browser doesn’t support HTML5