59 yoshli Maykl Genaldi yo'l halokatida mayib bo'lib qolganidan beri uysiz. Keyinroq unda saraton kasali aniqlandi. Hozirda u Arizona shtatida keksalar uchun xizmat ko'rsatadigan inshootda yashaydi. Nogironlik nafaqasiga kun ko'radi. Bu ham vaqtinchalik, chunki unga doimiy imtiyozlar belgilanishi uchun ko'riklardan o'tishi kerak.
Garvard universiteti chiqargan hisobotga ko'ra, AQSh aholisi qarib bormoqda va keksaygari sari amerikaliklar uysiz qolayotgan hollar xavotirli darajada ko'p.
Hukumatdan yordam cheklangan tarzda beriladi, deydi olima Jennifer Molinski.
"Demak, keksalarga oilasi qarashi lozim. Bu esa hamma uchun noqulaylik tug'diradi, og'ir tushadi".
Molinski kabi tadqiqotchilar tizimni ijtimoiy himoyani oshirishga undamoqda.
AQShda yoshi 62 dan oshgan odamlarning 5,9 millioni ijarada yashaydi. Davlat taklif qiladigan yordam va xizmatlar ularning uchdan birining talablarini qondiradi xolos. Qolganlar xususiy manbalarga tayanishga majbur.
Mutaxassislar hukumatga keksalar yolg'iz yashamasin, ularning birga istiqomat qilishi uchun qulaylik yaratilsin, degan tavsiyalarni ham bermoqda.
Nafaqaxo'rlar odatda yoshi yaqin odamlar bilan ko'proq vaqt o'tkazishni xohlaydi, deydi ekspertlar, shu bois juda bo'lmaganda ular yashaydigan binolarda birga ovqatlanadigan joylar bo'lishi kerak.
Kelasi o'nyillikda AQShda 75 yoshdan oshganlar 45 foizga ko'payadi, 17 milliondan qariyb 25 millionga.
Ular moliyaviy jihatdan qiynalishi kutilmoqda, chunki ijtimoiy himoya ozayishi mumkin.
11,2 million keksa amerikalik allaqachon og'ir ahvolda yashayotgani aniqlangan.
Gap faqat ijarada emas, o'z uyida yashaydiganlar ham ko'p hollarda xarajatlarni qoplay olmaydi. Ipotekani to'lash odam keksaygani sari yanayam mushkul, chunki uning boshqa talablari, jumladan sog'liq bilan bog'liq to'lovlari ko'tariladi.
Kasalmand bo'lsangiz, uzoq muddatli muolaja, masalan, kuniga o'rtacha 100 dollar.
Yolg'iz odamlarning xarajatlari juftliklarnikidan yuqoriroq ekani qayd etiladi.
56 yoshli Angelita Saldanya eri bilan ajrashgach qashshoqlashganini aytadi. Boshida nabirasi bilan yashab yurdi. Hozirda ikkalasi ham vaqtincha boshpana topgan.
Angelita davlatdan oyiga 941 dollar yordam puli oladi. Finiks shahrida hatto bir xona uchun ham yetmaydi, chunki bunday joy uchun o'rtacha ijara puli oyiga 1200 dollar.
Ijtimoiy xizmatlar markazi unga hozir mittigina bo'lsa ham kvartira qidirmoqda.
Angelita ayni damda mehmonaga o'xshagan joyda turibdi, o'z vannasi va tualeti bor. Undan oldin yotoqxonada edi va hamma narsani boshqalar bilan bo'lishar edi.
Arizona shtatida aynan keksalar bilan ishlaydigan tashkilot rahbari Liza Glou deydiki, hukumat bu qatlamning turmushi va zaruratlarni qayta ko'rib chiqishi kerak. Ular har tomonlama qulay turar joyga muhtoj, deydi Glou.
"70-80 yoshdagi odamlarni jamoat yotoqxonalariga joylashtira olmaysiz. Ularga tibbiy xizmatlar, doimiy ko'mak zarur", - deydi mutaxassis.