BMTda global qurollar savdosiga doir bitim o’tmadi

  • Amerika Ovozi

Bitim oddiy qurol-aslaha, deylik, tanklar, jangovar kemalar, hujumkor vertolyotlar, raketalar, miltiqlar va to’pponchalar savdosini xalqaro qolipga solishi kerak edi.

Birlashgan Millatlar Tashkilotida qurollar global savdosiga doir bitim muhokamasi boshi berk ko’chaga kirib qoldi. Eron, Suriya va Shimoliy Koreya hujjatga qarshi chiqmoqda.

Majburiy bu bitim oddiy qurol-aslaha, deylik, tanklar, jangovar kemalar, hujumkor vertolyotlar, raketalar, miltiqlar va to’pponchalar savdosini xalqaro qolipga solishi kerak edi. 70 milliard dollarlik sanoat bu.

BMTda bu hujjat muhokamasida qurolni eksport qiluvchi asosiy davlatlar Amerika, Rossiya, mahsulotni ko’p miqdorda import qiluvchi Hindiston, Xitoy va Pokiston ham ishtirok etdi.

Qurol nazorati bo’yicha izlangan Deril Kimbal nazarida bu kelishuv olg’a qadam.

Uning aytishicha, hujjat noqonuniy qurollar savdosi, mas’uliyatsiz oldi-sotdini anchayin kesadi. Inson qadr-qimmati va huquqi masalasi bu, deydi u.

“Qurol-aslaha qatliomlar, insoniyatga qarshi jinoyatlar, oddiy aholini o’ldirish uchun qo’llanishiga zarracha ishora bo’lsa, BMT pakti savdoni qat’iyan taqiqlaydi”, - deydi Deril Kimbal.

“Bu g’oyatda muhim qadam. Hujjat kuchga kirsa, Rossiya kabi davlatlar Suriyani o’q-dori bilan ta’minlay olmay qoladi”, - deydi u.

Bitim nafaqat qurollar, balki amunitsiya, ya’ni o’q-dori, porox savdosini ham qattiq nazoratga oladi.

“Eski qurol-aslahaga yangi o’qlarni to’ldirib, odamlarni o’ldirishda davom etish mumkin”, - deydi Deril Kimbal, qurol nazorati bo’yicha ekspert. “Shunday ekan, aksariyat davlatlar, xususan, Lotin Amerikasi va Afrika mamlakatlari o’qlar eksporti haqidagi bandni kiritishni taklif qilgan”.

BMT bitimi ma’qullanishi uchun barcha davlatlar roziligi kerak. Lekin Eron, Shimoliy Koreya va Suriya hujjatga qarshi. Ekspertlarning aytishicha, bu muhokamaning bir qismi va hujjat ustida ishlash davom etadi.

Endi loyiha BMT Bosh Assambleyasiga taqdim etiladi. Bu yerda ovozlarning uchdan ikki qismini jamg’ara olsa, hujjat xalqaro qonunga aylanadi.