Doxada Afg’oniston bo’yicha uchinchi muloqot o’tkaziladi

  • Amerika Ovozi

30-iyun kuni Qatar poytaxti Doxada BMT homiyligida Afg’oniston bo’yicha ikki kunlik xalqaro anjuman o’tkaziladi.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 28-iyun, 2024-yil - Bayden-Tramp dueli. Gruziyada LGBTga qarshi qonun

Tolibon salkam uch yil oldin mamlakatda hokimiyatni qo’lga olganidan beri ayollar ijtimoiy hayotdan chetda qolib ketdi.

Doxadagi anjumanga Tolibon rasmiylarini jalb qilish maqsadida Birlashgan Millatlar Tashkiloti tadbirga ayollar va huquq faollarini taklif etmaslikka qaror qilib, keskin tanqidga uchradi.

“Kobul universitetida magistraturaga kirmoqchi edim, ammo universitet ma’muriyati ro’yxatdan o’tishim uchun forma bermadi menga. Juda xafa bo’ldim. Orzularim puchga chiqdi deb o’yladim”, - deydi o’zini Maryam deb tanishtirgan o’qituvchi.

Doxadagi muloqot uchinchisi bo’lib, unda 25 mamlakatdan diplomatlar qatnashadi. Tolibon birinchi muloqotda ishtirok etgan. Haligacha BMT yoki biror mamlakat toliblarni tan olgani yo’q.

Bu galgi muloqotga ayollar taklif etilmagani uchun afg’onistonlik faollar yakshanba kungi tadbirni boykot qilishga chaqirmoqda.

“Fikrimizga quloq solishgani yo’q. Yo’qdekmiz. Bizni istashmayapti. Yana bizsiz hal qilishyapti”, - deydi Mahbuba Siroj ismli faol.

Qirg’iziston sobiq prezidenti, ayni damda BMTning Afg’oniston bo’yicha missiyasi rahbari Ro’za Otunbayeva xavotirga o’rin yo’q, deydi.

“Muloqotdan maqsad Tolibon hukumatini tan olish yoki u bilan aloqani o’rnatish emas”, - deydi u.

Shunga qaramay, Tolibon buni diplomatik yutuq sifatida ko’rmoqda.

Pokistonning Afg’oniston bo’yicha maxsus vakili Osif Durranining aytishicha, Tolibon rasmiylarining stol atrofida o‘tirishi muhimdir.

“Tolibon borligini inkor eta olmaymiz. Ular mamlakatga tinchlik olib keldi. Buni men aytayotganim yo’q. Bu xalqaro miqyosda tan olingan haqiqatdir”, - deydi diplomat.

Anjumanda Tolibon delegatsiyasiga hukumat so’zlovchisi Zabihulla Mujohid boshchilik qiladi.

Muloqotda xususiy biznesni rivojlantirish, moliya va bank sohalaridagi muammolar, afyun yetishtirishdan oddiy dehqonchilikka o’tgan fermerlarga yordam berish haqida gap ketadi.

Otunbayeva xalqaro hamjamiyat toliblardan ayollar huquqlariga e’tibor qaratishni ham talab qilishini aytdi.