Jurnalistlarni o’ldirganlarning 90 foizi jazosiz qolayapti

  • Amerika Ovozi
Jurnalistlar va diplomatlar Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashiga murojaat qilib, muxbirlar xavfsizligini kuchaytirishga chaqirmoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

Jurnalistlar himoyasini kuchaytirishga da'vatlar/Shohruh Hamro


BMT Bosh kotibi o’rinbosari Yan Eliasson o’z chiqishida, avvalo, muammo ko’lamini tushuntirdi. O’tgan 10 yil ichida 600 dan ziyod jurnalist, uning so’zlari bilan aytganda, jamiyatdagi muhim rolini bajarayotib, halok bo’lgan.

Uzoqqa bormaylik… 10 kun oldin Somalida televideniye muxbiri otib ketildi.

“Ekstremistlar, jinoiy to’dalar va hatto hukumat kuchlari jurnalist hayotiga qasd qilganida, mojarolar, jinoyat va inson huquqlari toptalayotgani haqida ommani ogoh qiluvchi bir insondan ayrilamiz, hisob”, - deydi BMT rasmiysi.

Har bir qotillikni tezda tergov qilib, adolatni ta’minlash hukumatlarning burchi, deya ta’kidladi Yan Eliasson.

Xavfsizlik Kengashida so’zga chiqqan somalilik jurnalist Mustafo Hoji Abdinur “AFP”, Fransiya axborot agentligida ishlaydi. Vatanida uni “ajali yetgan odam” deb chaqirishadi.

“Men bugun dunyo ahli oldida yuzimni ko’rsatib, hayotimni yana xavf ostiga qo’ydim. Lekin muxbirman, kasbim ma’lumot ulashish. Somalida meni nima deb chaqirishmasin, ishimni davom ettiraman”, - deydi u.

AQShda joylashgan “NBC” telekompaniyasining xorijdagi bosh muxbiri Richard Engel fikricha, ayni paytda Xavfsizlik Kengashi ikki yo’nalishda kampaniya olib borishi zarur. Axborot manbalaridan foydalanuvchilarning so’z erkinligini ta’minlash hamda jurnalistlar hayotini himoya qilishga e’tiborni oshirish.

AQShning BMTdagi elchisi Rouzmeri Dikarlo muxbirlarni kengashning ko’zi va qulog’i deya ta’riflaydi.

“Xalqaro organ qarorlar qabul qilishi uchun dunyoning turli burchaklaridan qimmatli ma’lumotni yetkazib beradigan aynan muxbirlardir. Xavfsizlik kengashi o’z ishini ularsiz bajara olmaydi”, - dedi elchi o’z nutqida.

G’ayt Abdul Ahad Britaniyaning “Guardian” nashri uchun Iroqdan maqolalar yozadi. Bizning mamlakatda jurnalistlar anchadan beri o’ljaga aylangan, deydi u.

“Bilaman, bizga nisbatan g’azab-nafrat kuchli. Lekin men buni ishimizni sidqidilgan bajarayotganimiz nishonasi deb bilaman”, - deydi u.

BMT ma’lumotlariga ko’ra, bugun dunyoda jurnalistlarni o’ldirganlarning 90 foizi jazosiz qolib ketayapti.