BMT Afg'onistonnning Tolibon nazorati ostidagi tumanida olib borilgan harbiy harakatlarda asosan begunoh odamlar o'lgani yuzasidan tekshiruv boshlagan.
Dasti Archi nomli qishloqda yaqinda o'nlab fuqarolar dafn etilgan, jumladan, bolalar. Ular Afg'oniston armiyasi hujumlaridan halok bo'lgan, deydi oqsoqollar.
Hukumat kuchlari qishloqdagi madrasa va masjidni nishonga olgan.
50 dan oshiq insonning yostig'i qurigan, kamida 150 kishi jarohatlangan.
Mahalliy rasmiylar voqea yuzasidan bayonot bermagan.
BMTning Afg'onistondagi idorasi barcha tomonlarga fuqarolar hayotiga tahdid solmaslik shartini eslatmoqda. Tashkilot Qunduzdagi vaziyatni o'rganmoqda, deydi BMT ekspertlari.
Diplomatlar harbiy harakatlar aholi hayotini xavf ostiga qo'yayotganini qoralamoqda. Pokistonning Afg'onistondagi elchixonasi ogohlikka undab bayonot chiqargan.
Mudofaa vazirligi esa Qunduzdagi voqeada begunoh odamlar o'ldi degan iddaolarni inkor etmoqda. Havo hujumlari ishonchli manbalarga asoslanib olib borilgan va u yerda jangarilar yo'q qilingan, deya bildiradi vazirlik. Nishonga olingan obyektlar Tolibon trening markazi bo'lgan, deydi rasmiylar.
Dushanba kuni yuz bergan bu voqeani sobiq prezident Hamid Karzay ham qoralab chiqqan. Terrorizmga qarshi kurash deb davlat o'z aholisini o'ldirmoqda, deydi u.
Tolibon 2015-yildan beri Qunduzning ayrim qismlarini nazoratida ushlab turibdi. Jangarilar aholini ezib, o'tgan yillarda minglab odamni o'ldirgani aniqlangan.
BMTga ko'ra, 2017-yilda Afg'onistonda turli harbiy harakat va janglarda 10 mingdan oshiq odam jon bergan.