Isroilning G’azodagi urushi va Livanda “Hizbulloh” bilan to’qnashuvi BMT Bosh Assambleyasining yillik sessiyasidan oldin uyushtirilgan “Kelajak sammiti”da diplomatlar va siyosatchilar tomonidan keng izohlandi.
Falastin Bosh vaziri Muhammad Mustafo Isroilning G’azodagi harbiy amaliyotini “qatliom urushi” deb atadi.
"Xalqimiz G’azoda zamonaviy tarixidagi eng qorong’u sahifalardan birini boshdan kechirmoqda. Salkam bir yildan beri Isroilning “qatliom urushi” misli ko’rilmagan talafotlar, azob-uqubatlar va gumanitar ofatga sabab bo’ldi”, - dedi u.
"G’arbiy Sohil va Sharqiy Quddusdagi odamlarimiz esa ko’chkindilar, harbiy reydlar, harakatlanishga taqiqlar va Falastin soliqlarini ushlab turish orqali moliyaviy qamal natijasida kelib chiqayotgan zo’ravonliklar va tizimli tahdidlar bilan yuzlashmoqda”, - dedi Falastin bosh vaziri.
Iyul oyida Eronda prezidentlikka saylangan Ma’sud Pezeshkian BMTdagi chiqishida xalqaro hamjamiyatni hamkorlikka, adolatga, to’g’rilikka chaqirdi.
Eron rahbari dunyo bo’ylab urushlar, kamsitishlar, ocharchilik va qashshoqlikka qarshi birgalikda kurashish zaruratiga urg’u berdi.
"G’azoda aholi shafqatsizlik bilan qirilayotgan, davlat homiyligidagi terrorizm bolalar va ayollarni shafqatsizlarcha nishonga olayotgan, qatliom va qotilliklar olqishlanayotgan dunyoda hech qanday hujjat tinchlik va taraqqiyotni kafolatlamaydi. Istiloga chek qo’yish, Falastinda aparteidni to’xtatish, G’azoda zudlik bilan otashkesim joriy etish global taraqqiyot va tinchlik shartlaridandir”, - dedi Eron prezidenti.
Fransiyaning Yevropa va tashqi ishlar bo’yicha vaziri Jan-Noel Barro Isroil va “Hizbulloh”ni bosiqlikka chaqirdi.
"Isroil hujumlarida Livanda yuzlab odam, jumladan o’nlab bola o’lgan. Har ikki tarafdan yog’ilayotgan zarbalarga chek qo’yish kerak. Avvalambor tinch aholiga jabr yetkazuvchi mintaqaviy mojaroning oldini olish zarur”, - dedi u.
Yig’inda AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken so’zga chiqib, hech bir mamlakat chegaralarni kuch bilan o’zgartirishga haqqi yo’q deb aytdi.
"Birlashgan Millatlar Tashkiloti nizomining asosiy tamoyillari bo’lgan suverenitet, hududiy yaxlitlik, mustaqillik tamoyillarini buzish, zaiflashtirish yoki tubdan o'zgartirishga qaratilgan harakatlarni qabul qilmaymiz”, - dedi u.
Rossiya tashqi ishlar vazirining o’rinbosari Sergey Vershinin dushanba kungi chiqishida BMTning “Kelajak bitimi” deb nomlanuvchi hujjatini tanqid qildi, undagi kamchiliklarga e’tibor qaratdi.
“Bitimning yakuniy ko’rinishida bizga to’g’ri kelmaydigan elementlar o’rin olgan. Bu ushbu sammitda belgilangan maqsadlarga erishishga yordam bermaydi va BMT asoslari uchun salbiy oqibatlarga olib keladi. Xalqaro qonunning ayrim tamoyillarinigina keltirib, suveren davlatlarning ichki siyosatiga aralashmaslik tamoyilini tilga olmaslik to’g’ri emas”, - dedi Rossiya vakili.
Bosh Assambleya “Kelajak bitimi”ni yakshanba kuni qabul qildi. Bosh kotib Antoniu Guterrish uni samarali, inklyuziv, tarmoqli multilateralizm tomon muhim qadam deb atadi.
To’qqiz oylik muzokaralardan so’ng qabul qilingan bitim ovozga qo’yilmadi.
“Kelajak sammiti”da Turkiya Tashqi ishlar vaziri Hoqon Fidan tashkilotni, Xavfsizlik Kengashini isloh qilishga chaqirdi.
"Afsuski, Birlashgan Millatlar Tashkiloti tabiatda, iqtisodiyotda va daromad taqsimotida insoniyatga qarshi tobora kuchayib borayotgan tahdidlar oldida yetakchilikni namoyish eta olmayapti. Xalqaro tinchlik va xavfsizlikni cheklangan mamlakatlardan iborat imtiyozli guruh irodasiga topshirib bo’lmaydi”, - dedi u.
Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’an ham Nyu-Yorkda. Dushanba kuni u Xalqaro jinoiy sud bosh prokurori Karim Xon bilan uchrashdi. Anqara G’arbiy Sohilda turkiyalik-amerikalik ayolning shu oy Isroil askarlari o’qidan o’lganiga doir dalillarni BMT Xavfsizlik Kengashi, Xalqaro jinoiy sud va Xalqaro adliya sudiga taqdim etmoqchi.
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy “Kelajak sammiti”ning notiqlaridan biri bo’ldi.
“Putin ko’p narsani o’g’irladi, ammo dunyo kelajagini o’g’irlay olmaydi. Dunyo tinch kelajakka va davomiy taraqqiyotga muhtoj”, - dedi Zelenskiy.
Ukraina prezidenti shu kuni Germaniya, Hindiston, Yaponiya rahbarlari, AQSh qonunchilari bilan ko’rishdi, urushni to’xtatish uchun “g’alaba rejasi” borligini aytdi, yana bir tinchlik anjumanini uyushtirib, unga bu gal Rossiyani ham taklif etish lozimligini ta’kidladi.
Zelenskiy shu hafta Vashingtonga bormoqchi, AQSh Prezidenti Jo Bayden bilan ko’rishishi kutilmoqda