Qo’shma Shtatlar va Yevropa zolim hukumatlarga qarshi birga harakat qilishi va inson huquqlari himoyasi yo’lida hamkorlikni oshirishi kerak, deydi Xillari Klinton.
AQSh Davlat kotibasi bu gaplarni aytayotgan paytda Suriyadan bugun qurolli kuchlar Hims viloyatida yana 200 fuqaroni o’ldirgani haqida ma’lumotlar kelmoqda.
Qo'zg'olon 2011-yilning mart oyida boshlangan va bugungacha davom etmoqda. Hukumatning unga qarshi ko'rgan harbiy choralari oqibatida shu kungacha 6000 halok bo'ldi.
Nyu-Yorkda Birlashgan Millatlar Tashkiloti oliy organi Xavfsizlik Kengashi Suriyaga nisbatan qanday chora ko’rish masalasini muhokama qilmoqda. Bugun ovozga qo'yilgan rezolyutsiya loyihasi doimiy a'zolar AQSh, Britaniya va Fransiya tomonidan olqishlangan. Lekin Rossiya va Xitoy uni rad etgan.
Amerika, arab davlatlari va Yevropa diplomatlari Moskva va Pekin siyosatidan afsusda. Ularning befarqligi sabab Suriya hukumati shafqatsiz harakatlarini davom ettiradi va Xavfsizlik Kengashi qo'l qovushtirib o'tiraveradi, deydi Fransiya elchisi Jirard Arod.
Suriyada hukumat xalq qonini to’kishda davom etar ekan, xalqaro hamjamiyat qo’l qovushtirib o’tira olmaydi, deydi Xillari Klinton.
Bugun Lavrov va Klinton Myunxenda ushrashib, masala yuzasidan fikr almashgan. Tomonlar pozitsiyasi o'zgarmagan.
AQShning BMTdagi elchisi Syuzan Rays fikricha Rossiya talablari "nomaqbul". Rays Rossiya va Xitoy qarshi ovoz bergani "jirkanch ish" deydi.
Germaniya, Fransiya va Britaniya diplomatlari ham shunday munosabat bildirgan.
Aytish joiz, Rossiya Suriyani qurol bilan ta’minlab keladi. Kreml nazarida Bashar al-Assadga qarshi bosh ko’targan va tinch namoyish qilayotgan odamlar qurollangan jinoyatchi to’dalar tomonidan qo’llanmoqda. Hozir Suriyada kim do’st, kim dushman ekanini ajratish qiyin, deydi Rossiya diplomatlari.
Bashar al-Assad esa qozg’olonchilarning hammasini terrorist deb hisoblaydi.
Olingan suratlar va videolarda ko’chalar qonga belanganini ko’rasiz. Hudud urush maydonini eslatadi.
AQSh prezidenti Barak Obama Suriyadagi xunrezliklarni qoralab, Bashar al-Assad - o'z xalqining qotili, deydi.
Amerika rahbari fikricha Bashar al-Assad baribir hokimiyatdan ketadi, erkinlik va o'zgarish talabiga to'sqinlik qila olmaydi.
"Amerika Suriya xalqi tarafida. Xalqaro hamjamiyat bir yoqadan bosh chiqarib, bu mamlakatga yordam beradi. Bashar al-Assaddan keyin Suriya fuqarolari adolatli, teng huquqli va erkin jamiyat qura boshlaydi degan ishonch bor. Suriya xalqi bilsinki, biz siz bilanmiz. Bashar al-Assad tuzumi poyoniga yetsin".