Hujjati yo’q muhojir nima qilsin?

  • Amerika Ovozi

Prezident Obama gumanitar halokat bilan yuzlashib turibmiz, deydi.

Prezident Obama inqiroz yechimi uchun Kongressdan 2 milliard dollar so’rayapti. Uning aytishicha, immigratsiya tizimini tubdan isloh qilish kerak.

Your browser doesn’t support HTML5

Hujjati yo'q muhojirlar nima qilsin? - Nasiba Tohir

Amerikalik huquq himoyachilari hujjatsiz muhojirlarga nisbatan munosabatni tanqid qilayapti. Hibsxonalarda saqlanayotgan bolalar holidan tashvishda ular. Ayrimlar esa noqonuniy immigrantlar oqimini to’xtatishga chaqiradi.

Yaqinda Kaliforniyada namoyishchilar muhojirlar ketayotgan avtobusning yo’lini to’sgan. Taraflar Vashingtonga bosimni oshirmoqda.

Oktabr oyidan beri Amerika-Meksika chegarasida 52 mingdan oshiq yosh bola tutilgan. Ular chegarani kattalarsiz yolg’iz kesib o’tgan. Prezident Obama gumanitar halokat bilan yuzlashib turibmiz, deydi.

Immigrantlar oqimidan toqati toq bo’lgan namoyishchilar oy boshida muhojirlar ketayotgan uch avtobusni to’sgan. Oilalar, bolalar to’la avtobuslar chegara tekshiruv xizmatiga ketayotgan bo’lgan.

Bu orada, Los-Anjelesda migrant jamoalar Meksika va AQSh hukumatlarini inson huquqlarini e’zozlashga da’vat etayapti. Muhojir oilalar, ayniqsa, bolalarga jabr qilmaslikka undayapti. Huquq himoyachilari shu maqsadda Los-Anjelesdagi Meksika vakolatxonasi yonida yig’ildi.

“Amerika va Meksika hukumatidan iltimos qildik, bolalarni himoyasiga olishsin”, - deydi faollardan biri.

Hujjati yo’q ikki yosh muhojir yigit shu oy jurnalistlar bilan ko’rishib, San-Diyegodagi hibsxonada uch oy o’tirib boshidan nimalar o’tganini hikoya qilib berdi. Yigirma bir yoshli Yordi Kansino Qo’shma Shtatlarda o’rta maktabni bitirgan, onasi Los-Anjelesda yashaydi. Uning aytishicha, immigratsiya xizmati xodimlari yigitni deportatsiya qog’ozini imzolashga ko’ndirmoqchi bo’lgan.

“Ofitserdan iltimos qildim, qog’ozlarni o’qib ko’ray deb so’radim. O’zim bilmagan narsaga qo’l qo’ymayman-ku! Ayol ofitser esa, xavotir olma, qog’ozni imzolasang, ishing tezroq ko’chadi, hammasi joyida bo’ladi, dedi. Men yo’q deb turib oldim. Qog’ozlarni o’qimasdan turib hech narsaga qo’l qo’ymayman, vassalom”, - deydi yosh muhojir.

Los-Anjelesdagi Immigrant huquqlari koalitsiyasi hozir hibsda qolayotgan bolalar holi nima kechadi, deya tashvishda.

“Kattalarga baqirib, haqorat qilayotgan bo’lishsa, bolalarning boshiga qay kunlarni solayotgan ekan?” – deya so’raydi Siomara Korpenyo, koalitsiya vakili.

Amerika rasmiylari panoh so’rab turgan oilalar va yosh bolalarga yaxshi muomala qilinayotganini ta’kidlaydi. Yoshlarning aksariyati Markaziy Amerikadan va vaqtincha Qo’shma Shtatlardagi yaqinlari bilan turishiga ruxsat berilishi mumkin. Lekin ko'pi, baribir, deportatsiya qilinishi aytiladi.

Prezident Obama inqiroz yechimi uchun Kongressdan 2 milliard dollar so’rayapti. Uning aytishicha, muammoni hal qilish uchun immigratsiya tizimini tubdan isloh qilish kerak. Muxolif respublikachilar nazarida joriy yil hal bo’ladigan masala emas bu; avval chegarani mustahkamlash kerak, deydi ular.