Prezident Donald Tramp hujjatsiz muhojirlarni aholining bir qismi deb hisoblashni taqiqlovchi farmonga imzo chekdi. AQShda aholi har 10 yilda qayta ro’yxatga olinadi. 2020-yil uchun bu jarayon davom etmoqda.
“Noqonuniy muhojirlarning, qonunlarimizni oyoq osti qilgan odamlarning Kongressdagi o’rinlarga ta’sir qilishi, ular siyosiy kuchga ega bo’lishi demokratik tamoyillarimizga qarshi borish demakdir”, deyiladi Oq uy chiqargan bayonotda.
Da’vo qilinishicha, Kongressga qaysi shtatdan necha vakil tayinlanishida hujjatsizlar ham rol o’ynashi federal qonunlarni buzayotgan ayrim shtatlarni yanada rag’batlantiradi.
Tramp ma’muriyati sal avval aholini ro’yxatga olishdan hujjatsiz immigrantlarni aniqlashda ham foydalanmoqchi bo’ldi. Ammo Oliy sud anketaga fuqarolik to’g’risidagi savolni kiritishga yo’l bermadi.
Bunday savol Ovoz berish huquqi to’g’risidagi qonunni qo’llab-quvvatlash uchun muhim degan asosni sud “to’qima” deya rad etdi. Immigratsiya bo’yicha faollar fikricha, fuqarolik haqidagi savol immigrantlarning so’rovda qatnashmasligiga olib kelgan bo’lardi.
Aholi soni har bir shtat Kongressda qancha o’ringa ega bo’lishini, davlatning moliyaviy resurslari qanday taqsimlanishini belgilaydi. Qayerda qancha odam yashashiga qarab saylov okruglari ham o’zgaradi.
Huquqshunoslar fikriga ko’ra Trampning so’nggi qarori ustidan sudga shikoyat tushishi ehtimoli yuqori. Chunki amaldagi qonunlar Kongressdagi o’rinlar mamlakatda qonuniy yashayotganlar soniga qarab emas, umumiy aholi soniga qarab taqsimlanishini taqozo etadi.
“Ushbu farmon uning matni bosilgan qog’ozga ham arzimaydi va sudlar tomonidan bekor qilinadi. Aholini ro’yxatga olishdan siyosiy manfaat yo’lida foydalanish prezident tomonidan irqiy hujumning bir ko’rinishidir. Muhojirlar dushman emas, jamiyatimizning ajralmas qismi”, - dedi Senatda demokratlar lideri Chak Shumer.
AQShda aholini ro’yxatga olish bu yil koronavirus sabab qiyinroq kechmoqda. Anketani onlayn yoki qog’ozda to’ldirish mumkin. So’rovda qatnashmagan xonadonlarga Aholini ro’yxatga olish byurosi xodimlari tashrif buyurib, ma’lumotni yuzma-yuz qo’lga kiritadi.
Qonunga ko’ra yakuniy raqamlar 31-dekabrgacha prezidentga taqdim etilishi lozim.