Arab dunyosi namoyishlar girdobida

  • Amerika Ovozi

Arab dunyosi namoyishlar girdobida

Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikada qo'zg'olonlar butun mintaqa bo'ylab yoyilmoqda.

Liviyada o'tgan 5 kunda, xalqaro tashkilotlar hisobicha, 173 kishi xavfsizlik kuchlari o'qidan o'lgan. Beng'azi shahrida namoyishlarni tarqatish uchun katta kalibrdagi og'ir qurollar ishga solingan. Guvohlar manzarani "qatliom" deb ta'riflaydi.

Mamlakatning 42 yillik rahbari Muammar Qaddafiy oylikni ikki baravar oshirib, ektremizmda ayblanib sud qilinayotgan 110 kishini qamoqdan ozod etishni buyurgan.

Arab dunyosi namoyishlar girdobida

Bahraynda armiya va politsiya chekingach, poytaxt Manamaning markaziy maydoni yana namoyishchilar qo'lida. Al-Xalifa qirolligi muxolifat talab qilayotgan siyosiy islohotlarni muhokama qilishga tayyor.

Hafta boshida qurolli kuchlar namoyishchilarni o'qqa tutib, 55 kishini yaralagan edi. Ulamolar politsiyani qatliomda ayblab, begunoh insonlarni o'ldirganlar "qotillardir" deydi.

Arab dunyosi namoyishlar girdobida

Yamanda rahbarlarning ishdan ketishi talab qilinayotgan namoyishlarda 3 kishi o'lgan, 28 nafari jarohatlangan. Taiz shahrida mashinalarga granata otilgan. Prezident Ali Abdulla Solih tarafdorlari uni siyosiy repressiyalar va korrupsiyada ayblayotgan namoyishchilar bilan olishmoqda.

Politsiya Sana universitetidan poytaxt markaziga yurish qilgan ommani o'qqa tutib, bir kishini o'ldirgan.

Yamanni 1978 yildan beri boshqarib kelayotgan Abdulla Solih 2013 yilda muhlatim bitgach, prezidentlikda ketaman deydi.

Iordaniyada ham namoyishlar qonli tus olgan. Hukumat tarafdorlari va muxolifat orasidagi to'qnashuvlarda sakkiz kishi jarohat olgani ma'lum.

Qirol Abdulla hukumat majlisida so'zlab, islohotlarni tezlashtirishga, jumladan korrupsiyaga qarshi kurashni kuchaytirish kerak, deb ta'kidlagan.

Arab dunyosi namoyishlar girdobida

Eronda sobiq prezident Akbar Hoshimiy Rafsanjoniyning qizi muxolifat namoyishi paytida hibsga olingan. Mahalliy matbuotga ko'ra, Fayza Hoshimiy "bir guruh isyonchilarga bosh bo'lib, provokatsion bayonotlar qilgan".

Muxolifat yetakchilari Mir Husayn Musaviy and Mehdi Karrubiy bugun, yakshanba kuni, mamlakat bo'ylab hukumat qarshi namoyishlar rejalagan edi. Islomiy tuzum tarafdorlari ularni qatl etish kerak deb chiqmoqda.

Ommaviy chiqishlar taqiqlangan Jazoirda xavfsizlik kuchlari namoyishlarni bostirgan. Muxolifat, fuqaro jamiyati faollari hamda ishchi-mehnatkashlar uyushmalari prezident Abdulaziz Buteflika iste’fo bermaguncha har shanba protest qilamiz demoqda.

Arab dunyosi namoyishlar girdobida

Inqilob ro'y bergan Misrda muvaqqat rahbariyat odamlarni ishga qaytishga undab, ulardan iqtisodni tiklash uchun o'z hissasini qo'shishni so'ramoqda.

Bugun mamlakat bo'ylab banklar qayta ochildi, ammo qimmatli qog'ozlar bozori hamon yopiq. Sud 15 yildan beri taqiqlangan islomiy partiyalardan biriga ro'yxatdan o'tishga ruxsat bergan.

Islohot talabi, shuningdek, mintaqaning boshqa davlatlari, xususan Marokash va Jibuti Respublikasida ham yangramoqda.

AQSh prezidenti Barak Obama Bahrayn, Liviya va Yamanda o’z haq-huquqini talab qilgan fuqarolarga qarshi kuch ishlatilishini qoralab, bayonot chiqargan.

"Har bir jamiyatda fuqarolar tinch namoyish qilib, o'z haqqini talab qilishga huquqiga ega. O'lganlar oilasiga hamdardlik izhor etib, hukumatlarni bosiqlikka va inson huquqlarini hurmat qilishga undaymiz", - deydi Obama.

Britaniya esa Bahrayn va Liviya armiyasiga qurol-yarog’ sotishni taqiqlagan.

Tashqi ishlar vazirligining bildirishicha, Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikada qo’zg’olonlarni bostirish uchun qo’llanayotgan vositalar, jumladan ko’zni yoshlantiruvchi gaz kanistrlari eksportini to’xtatishga qaror qilingan.

2005 yildan beri Misr, Yaman, Bahrayndan yuzlab offitserlar Britaniyada harbiy tayyorgarlikdan o’tgani ma’lum.