Isroil BMTning falastinlik qochqinlarga gumanitar yordam beruvchi tashkilotidagi ayrim xodimlarni XAMASning 7-oktabr kuni Isroilga hujumiga aloqadorlikda ayblashi ketidan agentlik bir necha vakilini ishdan bo’shatdi, tashkilotga moliyaviy yordam ko’rsatayotgan AQSh, Germaniya va yana bir necha mamlakat uni moliyalashni to’xtatib qo’ydi.
Your browser doesn’t support HTML5
Agentlik o’nlab yillar davomida falastinliklarni gumanitar yordam bilan ta’minlab keladi. Homiy davlatlardan moliyaning to’xtashi G’azoda Isroil hujumlarida uylaridan qochishga majbur bo’lgan yuz minglab odamning yanada azob chekishiga olib keladi.
Bugun Yevropa Ittifoqi ham BMTning Falastinga gumanitar yordam beruvchi idorasiga pul ajratish qayta ko’rib chiqilishini ma’lum qildi.
BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish Isroil da’volaridan so’ng ichki tergov boshlanganini aytdi, agentlikka pul ajratishga qaror qilgan o’ndan ortiq mamlakatdan qaroridan voz kechishni so’radi. Guterrishga ko’ra, agentlikning G’azodagi 12 xodimi tergov ostida, to’qqiz nafari ishdan olingan.
Vaziyatni muhokama qilish maqsadida Qohirada Arab Ligasi favqulodda majlis o’tkazdi.
Falastinning ligadagi vakili Muhannad Aqluq yordamni to’xtatgan mamlakatlarni ikkiyuzlamachilikda ayblab, shoshilinch xulosa chiqarmaslikka chaqirdi.
Isroilning BMTdagi elchisi Gilad Erdanning aytishicha, BMT agentligini ichki tergov tugamasidan moliyalayotgan davlatlar ular bergan pul terrorizm uchun sarflanishi mumkinligini bilishi kerak.
Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu XAMAS garovga olgan vatandoshlarini ozod etish evaziga sulh e’lon qilish g’oyasini yana bir bor rad etdi.
Yakshanba kuni AQSh Markaziy razvedka agentligi direktori Qatar, Isroil va misrlik hamkasblari bilan uchrashib, G’azoda yangi otashkesim va garovdagilarni ozod etish istiqbollari xususida gaplashdi.
Eronga xayrixoh guruh hujumida uch amerikalik askar o’lgan
AQShning Isroilga yordamidan norozi xusiylar hamda Eronga xayrixoh islomiy guruhlar Amerikaning Qizil dengizdagi kemalari, Iroq va Suriyadagi harbiy bazalarini nishonga olishda davom etmoqda.
AQSh Prezidenti Jo Bayden bundan bir kun oldin Iordaniyadagi amerikalik harbiylar dron hujumiga uchraganini, natijada uch askar o’lganini ma’lum qildi. Pentagonga ko’ra, hujumda kamida 34 harbiy yaralangan.
Bayden javob qattiq bo’lishi haqida ogohlantirdi. AQShdagi ayrim siyosatchilar bevosita Eronga hujum qilishni taklif etmoqda.
Eron Tashqi ishlar vazirligi so’zlovchisi Tehronning hujumga aloqadorligini inkor etdi.
Voqea Iordaniyaning Suriya bilan chegarasida ro’y bergan. Iroq islomiy qarshilik harakati AQShning bu va boshqa bazalariga hujumlarni o’z bo’yniga oldi.
Oktabrdan beri AQShning Iroq va Suriyadagi harbiylari 150 dan ortiq marotaba dron va raketa hujumiga uchradi.
Ayrim kuzatuvchilar Eronga qarshi to’g’ridan-to’g’ri hujum katta urushga olib kelishi haqida ogohlantirmoqda.
Bu o’rtada, ayrim xabarlarga ko’ra, Isroil Livanga qo’shin kiritishi mumkin. Hozircha Isroil va “Hizbulloh” harakati chegarada o’q almashib turibdi, bir-birining harbiy inshootlarini nishonga olishyapti.