Urumchida qonli to'qnashuvlarning bir yilligi xotirlanar ekan, uyg'ur faollarining ta'kidlashicha, Xitoyda bu xalq hayoti yanada qiyinlashgan. Minglab odamlar bedarak ketgan, ko'plari qamalgan, qatl etilgan. Xalqaro huquq tashkilotlari nazarida uyg'urlar tili va madaniyati tahdid ostida.
O'tgan yili Guanchjoudagi fabrikada ikki uyg'ur ishchisi o'ldirilgach, Urumchida minglab uyg'urlar zo'ravonlik va nohaqliklarga qarshi namoyish qilgan edi. Natijada ular xitoylar bilan to'qnashib, rasmiy manbalarga ko'ra, 197 kishi o'lgan edi. Ammo faollar o'lgan uyg'urlar soni bundan bir necha baravar ko'p ekanini aytib, hukumat kuchlari ham ularga tajovuz qilganini da'vo qiladi. So'nggi bir yil ichida Xitoy hukumati qator jinoiy ishlar qo'zg'atib, shu kungacha 200 ga yaqin kishiga jazo belgilagan, jumladan 25 nafariga o'lim jazosi. Shulardan 23 tasi uyg'urlar.
Yana minglab odamlar dom-daraksiz yo'qolgan, deydi Jahon uyg'urlar kongressi raisi muovini Umar Qanot.
Inson huquqlari bilan shug'ullanuvchi xalqaro Human Rights Watch tashkiloti vakili Sofi Richardsonning aytishicha, so'nggi bir yil ichida vaziyat uyg'urlar uchun yanada og'irlashdi. Xitoy hukumati to'qnashuvlarda aynan ularni ayblashda davom etmoqda.
"Xitoy uyg'urlar yashovchi Shinjonni rivojlantiryapmiz, sarmoya kirityapmiz, uyg'urlar esa ko'rnamaklik, to'qlikka sho'xlik qilyapti, deb bahona qilmoqda. Aslida esa uyg'urlar iqtisodiy taraqqiyotdan bahramand emas. O'z tilida ta'lim olishi, diniga e'tiqod qilishi cheklangan", - deydi Sofi Richardson.
Bugunga kelib Urumchidagi har bir uyg'ur xonadonidan kimdir qamoqda, kimdir esa bir yil oldingi to'qnashuvlar paytida o'lgan. Xalqaro kuzatuvchilar nazarida Xitoy matbuotni qattiq senzura qilib, axborot oqimini cheklamoqda, ko'p hollarda uyg'urlarga doir siyosati bo'yicha propaganda, yolg'on-yashiq ma'lumot tarqatmoqda.
Parijda asoslangan "Chegara bilmas muxbirlar" tashkilotining Vashingtondagi bo'limi rahbari Klotild Le Kozning aytishicha, Urumchida 10 oydan beri Internet, u yerdagi haqiqiy vaziyat haqida ma'lumot yo'q.
"Xitoyga safar qilgan xorij jurnalistlari esa hukumat bergan axborotdan boshqa ma'lumot ololmaydi. Uyg'urlar ular bilan gaplashishdan qo'rqadi", - deydi Klotild Le Koz.
Shunga qaramay Robiya Qodir boshchiligidagi Jahon uyg'urlar kongressi Shinjondagi asl vaziyat, Xitoy siyosati haqida dunyoga bong urishga, xalqaro hamjamiyat diqqatini uyg'urlar dardiga qaratishga harakat qilmoqda. Biroq ba'zi hollarda rasmiy Pekin xorijdagi faollarning Shinjonda qolgan yaqinlariga bosim qo'yish bilan ularning ovozlarini o'chirishga harakat qilmoqda.
Uyg'ur faollari nazarida prezident Obama uyg'ur masalasiga yetarlicha e'tibor qaratmayapti. Jorj Bush Xitoy bilan bu borada ko'p bahslashardi, deydi Umar Qanot.
Human Rights Watch vakili Sofi Richardson nazarida ham Obama ma'muriyatining Xitoyda umumiy inson huquqlari ahvoliga e'tibori sustlashgan.
Uyg'ur faollari va xalqaro huquq tashkiltolarining aytishicha, so'nggi bir yil ichida uyg'urlarning Shiinjondagi hayoti yanada og'irlashgan.