Bahrayndagi jangari guruh AQShning terrorchilar ro'yxatiga qo'shildi

  • Amerika Ovozi

Bahrayn hukumati terrorizmga aloqador jinoyatlarda ayblanib, 47 kishi hibsga olinganini ma'lum qildi.

Bahrayndagi Al-Ashtar shia jangari guruhi Eronning Islomiy inqilob gvardiya kuchlari bilan aloqador ekani aytiladi. Davlat departamenti ushbu tashkilotning global terrorchi guruhlar ro'yxatiga qo'shilganini e'lon qildi.

Davlat departamenti bayonotida yozilishicha, Al-Ashtar brigadasi shu yil boshida Tehronga sodiqligini e'lon qilgan. Guruh Fors ko'rfazi mintaqasida Eron manfaatlariga xizmat qilib, Bahraynning AQSh qo'llab-quvvatlovidagi hukumatini ag'darishga urinayotganlikda ayblanadi.

"Afrikadan tortib Yevropa, Shimoliy Amerika, Osiyo va Fors ko'rfazi mintaqasigacha Eron terrorchi tashkilotlardan foydalanib, o'zining razil ta'sirini yoyishga va xalqaro tinchlik hamda barqarorlikka putur yetkazishga urinmoqda", - deydi Davlat departamentining terrorizmga qarshi kurash bo'yicha koordinatori Natan Seyls.

Al-Ashtar brigadasi 2013-yil Baxrayndagi monarxiyaga qarshi kurashish maqsadida tashkil etilgan. U mamlakat aholisining aksariyatini tashkil qiluvchi shialar manfaatlarini himoya qilishini aytadi. Davlat boshqaruvi esa ozchilik sunniy guruh qo'lida.

Guruh Bahraynda shu paytgacha 20 ta xurujni amalga oshirgani aytiladi. Tashkilot, asosan, politsiyachilar va xavfsizlik kuchlarini nishonga oladi.

Qarshilik o'chog'i

2018-yil yanvar oyida guruh o'z logosini o'zgartirib, Eronning Islomiy inqilob gvardiya kuchlarini tamsil qiluvchi ramzini qabul qildi va o'zini "Qarshilik o'chog'i"ning bir qismi deb e'lon qildi. Ushbu atama Eron va unga aloqador guruhlar tomonidan mintaqada AQSh hamda uning ittifoqchilariga qarshi kurashayotgan guruhlarga nisbatan ishlatiladi.

AQSh Davlat departamenti ma'lumotiga ko'ra, guruh a'zolari Erondan qurol-yarog' va portlovchi moddalar olgan hamda Iroqda Islomiy inqilob gvardiya kuchlariga qarashli lagerlarda tayyorgarlikdan o'tgan. Guruh yetakchilari Erondan qo'nim topgani aytiladi.

AQSh Prezidenti Donald Tramp 2015-yilda erishilgan Eron yadro bitimidan chiqishini e'lon qilgach, Eron rejimiga va Yaqin Sharqdagi uning ittifoqchilariga qarshi bir qator yangi sanksiyalar e'lon qildi.

AQSh Moliya vazirligi, shuningdek, shu hafta Eronning Mahan havo yo'llari bilan ishlagani uchun Malayziyadagi sayohat va turizm agentliklaridan birini qora ro'yxatga qo'shdi.