Afg’onistonda amerikalik qo’shinlar soni oshgani samara berdi, deydi NATO bosh qo’mondoni, general Deyvid Petreus.
Oq Uy amaldagi strategiyani ko’rib chiqar ekan, siyosatda katta yangilik bo’lishi kutilmayapti. Asosiy diqqat Tolibonga qarshi kurash va Afg’onistonni qayta qurishda.
Prezident Barak Obama yaqinda Afg’onistonga safar qilganida, harbiylarga rahmat aytib, Tolibonni ildizi bilan yo’q qilish ustuvor vazifa dedi.
“Tolibonni yanchishga so’z berganmiz va sizning shijoatingiz bilan bunga erishayapmiz ham. Ularga kuchli zarba berayapmiz. Yetakchilarini nishonga olib, tum-taraqay qochishga majbur qilayapmiz”.
Obama bu yili qo’shinlar sonini 30 mingga oshirishga qaror qilganida, harbiy qo’mondonlardan konkret natijalar haqida hisobot kutishini aytgan edi.
Tahlilchilar nazarida prezident vaziyatdan qoniqib, biror o’zgarish qilish niyati yo’q. Shiddatli janglar davom etadi, deydi ular.
Maykl O’Xanlon Brukings Institutida yetakchi ekspert.
“AQSh hozirgi strategiyasidan qaytmaydi. Menimcha, 2011 yilning o’rtalariga borib, uni yana bir bor ko’rib chiqishadi va natijaga qarab, biror yangilik qilinishi mumkin. Chunki o’sha paytgacha biror katta o’zgarish bo’lishi kerak”, - deydi O’Xanlon.
30 ming qo’shimcha askar - g’alaba kafolatimi? Hukumat mana shu savolga javob berishi kerak. Tolibonni yer tishlatishda Pokistonning roli muhim. Jangarilar Afg’onistondan qochib, qo’shni davlatlarda panoh topayotgani hech kimga sir emas. Xurujlar tinmagan.
“Pokiston Jaloliddin Haqqoniy singari toliblarga o’z hududida joylashib olishga yo’l berib, Amerikaning barcha sa’y-harakatlarini puchga chiqarmoqda”, - deydi Maykl O’Xanlon.
Yana bir siyosiy tahlilchi Liza Kurtis ham Pokistonni terrorchilarga yo’q demayotganlikda ayblaydi.
“Pokiston hukumati va Haqqoniy guruhi orasidagi aloqalar haqida ma’lumot ko’p. Bu to’da Afg’onistonda amerikalik harbiylarga qarshi qonli xurujlar qilayotgani ma’lum. Shunday ekan, Amerika hukumati so’rashi kerak: Pokiston bilan hamkorlik va bu davlatga berilayotgan milliardlab dollar yordamdan nima foyda ko’rayapmiz?”
Deyvid Rod Afg’onistonda muxbirlik qilib yurgan paytida Tolibon tomonidan garovga olingan edi. Yetti oydan ortiq vaqt jangarilar qo’lida o’tirib, Afg’oniston va Pokiston chegarasidagi tog’li hududda qochishga muvaffaq bo’lgan.
Uning fikricha, Pokiston Tolibonga hech qachon yo’q demaydi, chunki jangarilar - Hindistonni qo’rqitish vositasi, ya’ni ekstremistlardan siyosiy ta’sir vositasi sifatida foydalanadi.
“Ayrim diplomatlar ogohlantirganidek, Afg’onistonda Hindiston roli oshib, savdo va sarmoya oqimi kuchaygani sari Pokiston Tolibon bilan hamkorlikka zo’r beradi. Amerika Hindiston ko’magini olqishlamoqda, lekin Pokiston bundan vahimada. Pokiston buni qanchalik rad etmasin, haqiqatni ko’rib turibmiz”, - deydi Deyvid Rod.
Shu tariqa Afg’oniston tinchligi va ekstremizmga qarshi kurash samarasi Hindiston va Pokiston orasidagi azaliy mojaroga borib taqalmoqda. Har ikkisi atom qurollariga ega.