AQSh harbiy tribunali serjant Kalvin Gibbsni begunoh afg'onlarni o'ldirganlikda aybdor deb topgan. 26 yoshli Gibbs umrbod qamoq jazosiga loyiq ko'rilmoqda.
Prokurorlarning aytishicha, Gibbs boshliq to'da notinch o'lkada vahshiy jinoyatlarni amalga oshirgan. Besh askar oddiy fuqarolarni tutib azoblagan, qiynoqqa solib o'ldirgan, ayrim holatda "esdalik uchun ularning barmoqlarini kesib olishgan", deyiladi tribunal ko'rib chiqqan hujjatlarda.
Gibbs qo'lida jon berganlardan biri 15 yoshli qurolsiz afg'on bola bo'lgan. Ko'chada ketayotganida tutib olib, qiynashgan, so'ngra otib o'ldirishgan. Askarlar jasadning yonida suratga tushishgan.
Gibbs ayblovlarni tan olmagan. Uning uch sherigi jinoyatlarga iqror bo'lgani uchun yengilroq jazo olishi kutilmoqda.
Yana ikki kishi Gibbsga qarshi guvohlik bergan. Beshinchi askarning sudi endi boshlanmoqda.
Mahkama jarayoni Vashington shtatidagi harbiy bazada kechmoqda.
Harbiy tergovchilarning qayd etishicha, bu jinoyatlar - Afg'onistondagi 10 yillik urush davomida qayd etilgan eng qabih harakatlardir.